Test – adolat mezoni
Oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayonida adolat va shaffoflikni ta’minlash mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Barcha abituriyentlar uchun teng imkoniyatlar yaratish, inson omilini minimallashtirish hamda bilim va salohiyatni xolis baholashga qaratilgan zamonaviy tizim Jizzax viloyatida ham belgilangan tartib asosida samarali yo‘lga qo‘yilgan.
2026-2027 o‘quv yili qabuli uchun abituriyentlarni ro‘yxatga olish 5-iyundan 25-iyunga qadar to‘liq elektron shaklda Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti hamda davlat interaktiv xizmatlari portali orqali amalga oshirildi. Natijada Jizzax viloyatida test sinovlarida ishtirok etadigan abituriyentlar soni 34 ming 492 nafarni tashkil etdi.
– Bugun qabul jarayonining bosh mezoni – adolat. Har bir abituriyent faqat o‘z bilimi bilan raqobatlashishi uchun barcha tashkiliy va texnik imkoniyatlar ishga solingan, – deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Jizzax viloyati bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Hotamov.
Test sinovlari Sharof Rashidov tumanidagi Bilim va malakalarni baholash agentligi Jizzax viloyati bo‘limi hamda Jizzax shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sport majmuasida o‘tkazilmoqda. Har bir smenada 1920 nafar, kuniga ikki smenada esa 3840 nafar abituriyent test topshiriqlarini bajarmoqda. Sinovlar 14-iyuldan 22-iyulga qadar, to‘qqiz kun davom etadi.
[gallery-30412]
Birinchi kun yakunlari ham jarayonning belgilangan tartib asosida o‘tayotganini ko‘rsatdi. Testda ishtirok etishi lozim bo‘lgan 3840 nafar abituriyentning 268 nafari kelmadi. Kirishda taqiqlangan vositalarni olib kirishga uringan 2 nafar abituriyent jarayondan chetlashtirildi. Qolgan 3570 nafar abituriyent nizom talablari asosida test sinovlarida ishtirok etdi.
– Qabulda imtiyoz ham, istisno ham yo‘q. Belgilangan qoidalar barcha uchun bir xil. Bu esa har bir natijaning xolis va ishonchli bo‘lishini ta’minlaydi, – deydi Ibrohim Hotamov.
Test sinovlari o‘tkazilayotgan binolarda ishtirokchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Har bir abituriyent alohida stol va stul bilan ta’minlangan, binolar zamonaviy sovitish qurilmalari bilan jihozlangan.
Shaffoflikni ta’minlash maqsadida binolarda 72 ta statsionar kuzatuv kamerasi, 6 ta 360 gradusli kamera, 8 ta onlayn efirga uzatuvchi kamera va kirish joylariga 7 ta yuzni identifikatsiya qilish kamerasi o‘rnatilgan. Shuningdek, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi mutaxassislari maxsus planshetlar orqali shaxsni aniqlash ishlarini amalga oshirmoqda.
Test jarayonida Bilim va malakalarni baholash agentligi bilan shartnoma asosida ishlayotgan 147 nafar guruh nazoratchisi va surdotarjimon faoliyat yuritmoqda. Imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun ham barcha qulayliklar yaratilgan. Eshitish va gapirishida nuqsoni bo‘lganlar uchun surdotarjimonlar jalb qilingan, tayanch-harakat a’zolarida nuqsoni bor abituriyentlarga aravachalar va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Abituriyentlarga matematika va fizika fanlaridan asosiy formulalar jadvali, Mendeleyev davriy jadvali hamda yo‘riqnomalar tarqatilmoqda. Shuningdek, ota-ona va yaqinlari uchun soya-salqin kutish joylari tashkil etilgan bo‘lib, katta monitorlar orqali test jarayoni onlayn namoyish qilinmoqda. test2026.uz sayti orqali ham sinovlarni kuzatish mumkin.
Mutaxassislar abituriyentlarga belgilangan vaqtdan kechikmasdan kelish, shaxsni tasdiqlovchi hujjat va ruxsatnoma bilan qatnashish hamda taqiqlangan buyumlarsiz hududga kirish zarurligini yana bir bor eslatmoqda. Zero, adolatli baholash avvalo barchaning qoidalarga birdek amal qilishi bilan ta’minlanadi.
Bilim raqobati kechayotgan ushbu sinovlarda g‘olibni tanish-bilish emas, tayyorgarlik hal qiladi. Ana shu tamoyil qabul tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlab, yoshlarning ertangi taqdiri bilim va salohiyatiga tayanib belgilanishiga xizmat qilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari