Termizlik talabalar – “Kamolot kubogi sohibi
Poytaxtimizda futbol bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida an’anaviy “Kamolot" kubogi turnirining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda futbol bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida an’anaviy “Kamolot" kubogi turnirining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.Turnir “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi tomonidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Futbol federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Futbol bo‘yicha “Kamolot" kubogi yoshlar o‘rtasida tobora ommalashib bormoqda. Musobaqaning saralash bosqichlarida 75 oliy o‘quv yurtidan besh mingdan ziyod talaba ishtirok etdi.
Turnirning mintaqaviy bosqichida o‘z mahoratini namoysh etgan sakkiz jamoa mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Final uchrashuvida Termiz davlat universiteti talabalari Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti yoshlarini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
– Musobaqada g‘olib chiqqanimizdan xursandmiz, – deydi Termiz davlat universiteti talabasi Ulug‘bek Safarov. – Turnir keskin va murosasiz uchrashuvlarga boy bo‘ldi.
Finalga puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Bunday musobaqalar biz, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega, tengdoshlarimiz bilan o‘zaro hamjihatlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga yordam beradi.
Uchinchi o‘rinni Urganch davlat universiteti talabalari egalladi.