Termizda yosh stritbolchilar kuch sinashdi
Joriy yilning 19-22 noyabr kunlari Termiz shahridagi “Surxon” sport majmuasida "Besh tashabbus" olimpiadasi doirasida sportning “Stritbol” turi bo‘yicha “C” liga mamlakat final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda yurtimizning barcha hududlaridan 252 nafar yosh sportchi ishtirok etdi.


Murosasiz bahslarga boy bo‘lgan musobaqada mahallalarning stritbolchi o‘g‘il-qizlari 16-21 va 22-30 yosh toifasida o‘zaro bellashdi.
Musobaqaning 16-21 yosh toifasidagi qizlar bahsida Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi Yangi Hazarbog‘ mahallasi jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Zarmetan mahallasi va uchinchi o‘rin Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi Gulbahor mahallasi qizlariga nasib etdi. 16-21 yosh toifasidagi o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda birinchi o‘rinni Navoiy viloyatining Zarafshon shahridagi Konchi mahallasi, ikkinchi o‘rinni Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi Yakkaterak mahallasi va uchinchi o‘rinni Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahridagi Shodiyona mahallasi stritbolchilari qo‘lga kiritdi.


Qizg‘in kechgan bellashuvning 22-30 yosh toifasidagi qizlar bahsida birinchi o‘ringa Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanidagi Yoshg‘ayrat mahallasi, ikkinchi o‘ringa Navoiy viloyati, Uchquduq tumanidagi “Navoiy” mahallasi, uchinchi o‘ringa Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi Alisher Navoiy mahallasi qizlari sazovor bo‘ldi. Shu yosh toifasida o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvda Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Zomin mahallasi yoshlari birinchi, Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi Qovunlisoy mahallasi ikkinchi va Navoiy viloyati, Nurota tumanidagi Eshoni Sudur mahallasi yigitlari uchinchi o‘ringa munosib topildi.
G‘oliblar medal, kubok va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri