Termizda qo‘mondon kubogi o‘tkazilmoqda
Mudofaa vazirligining Termiz garnizonidagi harbiy qismda mahallalardagi yoshlar ishtirokida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni kubogi uchun sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Unda Termiz shahridagi oltita mahalla yoshlari ishtirok etib, sportning harbiy estafeta, mini futbol, stol tennisi va tosh ko‘tarish turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda sportning ommaviyligini ta’minlab, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahallalarda yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish uchun turli sport musobaqalari tashkil etilib, g‘oliblar munosib rag‘batlantirilayotir. Mazkur bellashuv ham ana shunday maqsadlarga yo‘naltirilgani bilan qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.

– Musobaqa biz, yoshlar uchun har taraflama foydali bo‘ldi, – deydi Termiz shahridagi Bog‘ishamol mahallasida yashaydigan Bekzod O‘rinov. – Shu paytgacha harbiylarga yaratilgan shart-sharoitlarni faqat televizor orqali ko‘rar edim. Musobaqa bahonasida tengdoshlarim bilan harbiy qismga kelib, bu yerdagi barcha qulayliklarga ega sport majmuasida o‘zaro kuch sinashdik. Gapning rosti harbiy akalarimizga yaratilgan sharoitlarga havasim keldi. Bu musobaqa mening kelgusi hayot yo‘limni ham belgilab berdi. Harbiy qism komandiri o‘rinbosaridan tegishli ma’lumot, maslahat va tavsiyalarni olgach, kelajakda o‘z hayotimni shu sohaga bag‘ishlashga ahd qildim.

Musobaqa yakunida Bog‘ishamol mahallasi yoshlari faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Alisher Navoiy nomli mahalla yoshlariga nasib etdi. Baynalminal mahallasi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblarni Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov qimmatbaho sovg‘a va medallar bilan taqdirladi. Mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan bu musobaqa Janubiy operativ qo‘mondonligi tasarrufidagi boshqa harbiy qismlarda ham tashkil etiladi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA