Termiz shahar hokimi xalqqa murojaat etdi
Xalq deputatlari Termiz shahar kengashining bugun bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida shahar hokimi I.Xudoyberdiyev yakunlanayotgan yilda hududda amalga oshirilgan asosiy ishlar va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari to‘g‘risida shahar ahliga murojaat etdi.
Qayd etildiki, keyingi yillarda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yurtimizning janubdagi darvozasini har taraflama yuksaltirib, aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilmoqda. Shunga muvofiq Termiz shahrida ham zamonaviy sanoat korxonalar barpo etilayotir. Qurilish-obodonlashtirish ishlari ko‘lami kengayib bormoqda. Xizmatlar ko‘rsatish, ta’lim-tibbiyot va boshqa muhim sohalar tubdan o‘zgarayotir. Jumladan, o‘tgan yilning shu davrida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 756,2 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 982,7 milliard so‘mga yetdi. Yil yakuni bilan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1 trillion 98 milliard so‘mni tashkil etib, aholi jon boshiga 5 million 946 ming so‘mga yetishi kutilmoqda. Ayni paytda shaharda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining viloyatdagi ulushi 19,7 foizni tashkil etib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda birinchi o‘rinni egallamoqda. Yangi yilda qiymati 48 milliard so‘mlik 7 ta zamonaviy loyihani ishga tushirish evaziga sanoat mahsulotlari hajmi 1 trillion 207 milliard so‘mga yetkaziladi.
Joriy yilning to‘qqiz oyida qurilish va pudrat ishlari 906,3 milliard so‘mga bajarilib, 109,7 foiz o‘sdi. Yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 1 trillion 264 milliard so‘mga bajarilib, viloyatdagi ulushi 28,1 foizga, aholi jon boshiga 6940,0 ming so‘mga yetishiga erishiladi. 2021 yilda qurilishi rejalashtirilgan 20 ta ko‘p qavatli uy-joylar hamda yangidan qurilayotgan loyihalarni ishga tushirish hisobiga sohada bajariladigan ishlar hajmi 1 trillion 382,8 milliard so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Bundan 4-5 yil ilgari ham ko‘rimsizgina shahar bo‘lgan Termizda sanoat va qurilish tarmog‘ining izchil rivojlanib, qiyofasi tubdan o‘zgarayotganida aniq maqsadga yo‘naltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida istiqbolli investitsiya loyihalari ishlab chiqilib, tatbiq etilayotgani muhim omil bo‘lmoqda. Masalan, "Inter silk pro" mas’uliyati cheklangan jamiyatining qiymati 57 milliard so‘mlik “Pilla klasterini tashkil etish” loyihasi 120 ta yangi ish o‘rni yaratadi. Shunday qilib, 2021 yil qiymati 385,9 milliard so‘mlik 42 ta loyihani ishga tushirish 1 ming 580 kishining bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
[gallery-355]
Koronavirus infeksiyasi dunyoda jiddiy tashvish va xavotir uyg‘otgan o‘tayotgan yilda shaharda qiymati 17,3 million dollar hajmidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etish rejalashtirilgan. Yilning to‘qqiz oyida rejadagi 9,9 million dollar o‘rniga 9,5 million dollar qiymatidagi mablag‘ o‘zlashtirildi. Kelgusi yil ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, importbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qo‘shimcha qurilish materiallari va mebelchilik sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish belgilab olindi. Jumladan,“Oravit Ceramic” mas’uliyati cheklangan jamiyati qiymati 1,8 million, “Glass Expo Surxon” 1,5 million dollarlik, “Komfort mebel servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati 19,5 million MCHJ qiymati 19,5 milliard so‘mlik yangi quvvatlarni ishga tushiradi.
Murojaatda yangilanyotgan O‘zbekistonda aholining turmush darajasini oshirish, ularning munosib hayot kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar Termiz shahrida ham bosqichma-bosqich ruyobga chiqarilayotgani, shu maqsadda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlari, ko‘p qavatli uylar qurilayotgani alohida ta’kidlandi. Yo‘l muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi rivojlanib, elektr energiyasi, gaz, ichimlik suv hamda issiqlik ta’minoti bilan ta’minlashga e’tibor kuchaytirilayotgani qayd etildi.
– So‘nggi uch yilda shaharda 1 ming 530 ta pastqam turar va noturar binolar buzilib, o‘rnida 12 ming 446 xonadonga mo‘ljallangan 265 ta ko‘p qavatli uy qurilib, foydalanishga topshirildi, – dedi I.Xudoyberdiyev. – Ikkita dehqon bozori va “Yashil dunyo” savdo kompleksi, muhtasham “San’at saroyi”, istirohat bog‘i va boshqa qator ijtimoiy ob’ektlar barpo etildi. Shuningdek, uch yilda 1 ming 218 xonadonli 29 ta 7 qavatli hamda 1 ming 110 oilaga mo‘ljallangan 66 ta 3 va 4 qavatli arzonlashtirilgan uy-joylar qurilib, o‘z egalariga topshirildi. Harbiy soha xizmatchilari uchun 510 xonadonli 4 va 5 qavatli 17 ta uy bunyod etildi. Ayni paytda 1 ming 170 xonadonga mo‘ljallangan 32 ta ko‘p qavatli arzonlashtirilgan turar-joy binosi qurilishi yakunlanmoqda. Kelgusi yil ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, shaharda 48 ta 4, 5, 7 va 9 qavatli 1 ming 650 xonadonli uy-joylar qad rostlaydi. Yangi yilda xorijlik hamkorlar bilan 16 qavatli uylar qurilishini boshlashga hozirlik ko‘rayapmiz.
Murojaatda ta’lim, tibbiyot sohalari, tarixiy obidalar va madaniy meros ob’ektlarida yuz berayotgan o‘zgarishlar, kelgusidagi rejalar xususida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Sessiya yakunida jurnalistlar va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbir doirasida shaharda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va kelgusi yil amalga oshiriladigan yangi loyihalar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA