Tepalik ostiga berkingan shaharning noma’lum tarixi
Tarix sahifalarida biz uchun qiziqarli bo‘lgan ma’lumotlar ko‘p. Har bir davrning o‘ziga yarasha o‘tmishi bor. Arxeologik yodgorliklar va undagi topilmalar muayyan bir xalqning o‘tmishi, tarixi, ma’naviyati va qadriyatlarini o‘zida aks ettiradi.
Toshkent viloyatining Angren shahar “Sog‘lom” MFY hududida “Polvontosh tepa” arxeologik yodgorligi bor. Ayrim manbalarda keltirilishicha, bu yerda 1934 yilda sho‘rolar maktabi tashkil etilgan bo‘lib, xonadonlar soni 1937 yilda 74 tadan iborat bo‘lgan. Tepalik ostida ko‘hna shahar qoldiqlari mavjud. Mazkur joyda tarixchi olimlarning olib borgan izlanishlaridan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, uning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Toshkent viloyati Madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, “Polvontosh tepa”da bir paytlar shahar gurkiragan. Uni umumiy devor bilan o‘ralgan kichik shahar, deb tasavvur qilish mumkin. Arxeologik izlanishlar natijasida, tepalikdan juda ko‘p miqdorda ma’danli qadimgi qotishma parchalari hamda sopol va nafis chinni bo‘laklar topilgan.

Akademik Yu.F.Buryakov sopol parchalaridagi rangtasvir belgilariga qarab tepalikning tarixi VI-VIII-asrlarga borib taqalishini taxmin qiladi. Hudud (Toshqo‘ton) konchilar shaharchasi vazifasini o‘tagan bo‘lib, ma’danni erituvchi pechi hamda sopol va chinni pishiruvchi pechlariga ega bo‘lgan.
Yu.F.Buryakovning aniqlashicha, Ko‘lbuloq yonidagi bo‘yi 2,28 m., eni 2,10 m., chuqurligi 1,85 m. bo‘lgan, chekkalari tosh qalab ko‘tarilgan bir mug‘xona qurilishi jihatidan IV–V asrlarda yashagan sak qavmiga mansub. Bu qadimiy yodgorlik arxeologlarga tariximizning juda ko‘p qorong‘i nuqtalarini oydinlashtirib berishi mumkin. Buning uchun hozirgi shag‘al yo‘lni zudlik bilan Qizilolmasoyning o‘ng qirg‘og‘iga o‘tkazish lozim.
“Polvontosh tepa” yodgorligi 1972 yil e’lon qilingan “Toshkent viloyatining arxeologik yodgorliklari” xaritasida 4 gektar sahnli Ervalitepa shaharchasi deb ko‘rsatilgan.
Ervalibuva mozori oralig‘ida joylashgan ushbu manzilgoh asrlar davomida qo‘hna sirlarini hech kimga ochmay kelgan.
1960 yillarda Toshkent viloyati Angren shahridagi 20-maktab o‘quvchilari o‘lkashunoslik muzeyi ilmiy xodimi O.M.Rostovsev rahbarligida Qo‘lbuloq hududiga saylga chiqib, bir qarashda oddiy ko‘z bilan ilg‘ash qiyin, ammo sinchiklab tekshirilsa, noyob sanalgan bir qancha tosh topgan. Bu toshlar ko‘p o‘tmay arxeologlarni qiziqtirib qo‘ygan. O‘shandan buyon Ko‘lbuloq va uning shimoliy tomonidagi Qizilolma arxeologik maskanlarida o‘zbekistonlik olimlar ilmiy-tadqiqot ishlari olib bormoqda.

Qazuv ishlarida Rossiya, Yaponiya, Belgiya, Xitoy, Germaniya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan kelgan mutaxassislar ham ishtirok etgan. Ularning fikricha, bu yerdan topilayotgan tosh qurollarning yoshi 26-27 ming yil ilgari hukm surgan yuqori ashel va must’er davrlari bilan bog‘liq.
Ko‘lbuloqdan sizib chiqayotgan muzday shaffof suv tarkibida radon mavjud. Ko‘lbuloqdan taxminan uch yuz metr shimolida “Qizilolma” oltin koni atrofida ajdodlarimizga tegishli yana bir qo‘hna manzilgoh mavjud. Olimlar noyob Qizilolma arxeologik topilmasi deb atayotgan bu manzilgohda dastavval kramanon va neandertal odamlar, keyinchalik, eramizning IV asridan boshlab, oltin ishlab chiqaruvchi kaloniyalarning konchilari istiqomat qilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ne’mat Dushayevning so‘zlariga ko‘ra, shundoqqina oyog‘imiz ostida yastanib yotgan ushbu qo‘hna shaharcha o‘z davrida qanday nomlangan, qanday tirikchilik bilan shug‘ullanganligi to‘g‘risida hanuzga qadar aniq ma’lumotlar yo‘q. Hozircha, arxeologlar Polvontoshdagi ko‘hna shaharchada Qizilolma va boshqa oltin, kumush konlariga mablag‘ ajratib iqisodiy foyda ko‘rgan dehqonlar yashagan, deya taxmin qilinmoqda. Buyuk Ipak yo‘lining kichik bir tarmog‘i mana shu shaharcha yonidan o‘tgan bo‘lishi mumkin.
Mazkur yodgorliklar bo‘yicha olimlar muttasil izlanishda. Ko‘lbuloq, Qizilolma va Polvontosh (Toshqo‘ton) yaqin yillar ichida xalqaro arxeologik tadqiqotlar va turizm manbaiga aylansa, “Sog‘lom” MFY hududiga keluvchi olim va turistlar ko‘payadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA