Tennis: Sevil Yo‘ldosheva Hindistonda ikkinchi bo‘ldi
Hindistonning Sambhaji Nagar shahrida xotin-qizlar o‘rtasida o‘tgan nufuzli tennis turnirida hamyurtimiz Sevil Yo‘ldosheva juftlik bahslarida vitse-chempionga aylandi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Sevil Yo‘ldosheva Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Women’s World Tennis Tour W15” musobaqasining juftliklar o‘rtasidagi bahsida germaniyalik Anastasiya Kuparev bilan tandem hosil qildi.

Sevil va Anastasiya turnirning chorak finalida mezbon tennischilar Aishvariya Jadhav va Akruti Sonkusar juftligini, yarim finalda esa boshqa bir hindistonlik tennischilar Soha Sodiq va Madhurima Savantni yengdi va final bosqichiga yo‘l oldi. So‘nggi hal qiluvchi final uchrashuvida ular qozog‘istonlik Jibek Kulambayeva hamda neytral tennischi Yekaterina Yashina duetiga qarshi o‘ynadi va kutilmaganda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Shu tariqa, musobaqa sovrindoriga aylangan Sevil Yo‘ldosheva hamda Anastasiya Kuparev tashkilotchilar tomonidan 515 AQSH dollari pul mukofoti va 10 reyting ochkosiga ega bo‘ldi. Turnir chempionlari bo‘lgan Yekaterina va Jibek esa 955 AQSH dollari hamda 15 reyting ochkosi bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA