Tennis malikalari poytaxtimizda
Poytaxtimizda Xalqaro xotin-qizlar tennis uyushmasi (WTA) tasnifiga kiruvchi “Toshkent open – 2015” xalqaro turniri boshlandi. Nufuzli musobaqada dunyoning o‘ttizga yaqin mamlakatidan raketka ustalari ishtirok etmoqda.
Poytaxtimizda Xalqaro xotin-qizlar tennis uyushmasi (WTA) tasnifiga kiruvchi “Toshkent open – 2015” xalqaro turniri boshlandi. Nufuzli musobaqada dunyoning o‘ttizga yaqin mamlakatidan raketka ustalari ishtirok etmoqda.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tennisni rivojlantirish, uni aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan ushbu sport turi navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk etib tarbiyalash bilan birga xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir tennischilarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
“Toshkent open” an’anaviy xalqaro turniri ko‘plab iste’dodli tennischilarni kashf etgan nufuzli musobaqalardan hisoblanadi. O‘z vaqtida “Toshkent open”dagi o‘yinlari bilan muxlis va mutaxassislar e’tiborini qozongan fransiyalik Merion Bartoli, Polin Parmente, Virjiniya Razzano, Emilia Lua, chexiyalik Nikol Vaydishova, rossiyalik Yelena Dementeva, Dinara Safina, Mariya Kirilenko, Alla Kudryavseva, italiyalik Francheska Skyavone, Tatyana Garbin, slovakiyalik Magdalena Ribarikova, hindistonlik Saniya Mirza, xitoylik Li Na, amerikalik Megan Shonessi, isroillik Shaxar Peyer, belaruslik Viktoriya Azarenko va germaniyalik Sabin Lisitski bugun dunyoga mashhur tennischilar sanaladi.
O‘n yettinchi marotaba o‘tkazilayotgan xalqaro turnirda mamlakatimiz sharafini Nigina Abduraimova, Sabina Sharipova, Oqgul Omonmurodova, Arina Fols va Vlada Yekshibarova himoya qilmoqda. Shuningdek, mazkur musobaqada serbiyalik Boyana Yovanovski, Aleksandra Krunich, polshalik Ursula Radvanska, xorvatiyalik Donna Vekich, rossiyalik Aleksandra Panova, Margarita Gaspariyan, Yelena Vesnina, germaniyalik Anika Bek kabi taniqli tennis malikalari ham ishtirok etayotir.
Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida o‘tkazilayotgan turnirning yakkaliklar o‘rtasidagi birinchi davrasida Nigina Abduraimova xorvatiyalik Petra Martich bilan bahslashadi. Sabina Sharipova esa slovakiyalik Yana Chepеlovaga qarshi kortga chiqadi.
Musobaqaning juftlik uchrashuvlarida Nigina Abduraimova hamda Oqgul Omonmurodova juftligi gollandiyalik Kiki Bertens va shvetsiyalik Yoxanna Larsson bilan kuch sinashsa, Arina Fols va Sabina Sharipova rossiyalik Angelina Gabuyeva hamda Vlada Yekshibarova bilan bahslashadi.