Telekom tarmog‘i rivoji muhokama qilindi
Raqamli texnologiyalar vazirligida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda “VEON Group” kompaniyasi bosh direktori Kaan Terziog‘lu ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida mamlakatda telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, mobil aloqa tarmoqlarini kengaytirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan raqamli xizmatlar sifatini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar raqamli xizmatlarga bo‘lgan talab tobora ortib borayotganini ta’kidlab, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, internet qamrovini kengaytirish va yuqori sifatli aloqa xizmatlarini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda xalqaro darajadagi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish, tarmoq boshqaruvi va monitoring tizimlarini takomillashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda VEON kompaniyasining mamlakat raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan investitsiyalari, innovatsion yechimlarni joriy etish hamda telekommunikatsiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, joriy yil 20–21-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “GSMA M360 Eurasia Mobile World Congress 2026” xalqaro tadbirini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Nigora Rahmonova, O‘zA