Tekin pishloq qopqonda bo‘ladi...
Qilmish qidirmish
Ichki ishlar vazirligi tomonidan Respublika bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri davomida joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi tinchligini saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, uning ikkinchi bosqichi doirasida Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati hududiy bo‘linmasi xodimlari hamkorligida tashkil etilgan navbatdagi tezkor tadbirda ikki shaxs odam savdosi qurboni bo‘lishining oldi olindi.

Aniqlanishicha, Qibray tumanida yashovchi, 1991 yili tug‘ilgan (E.K.) ayol Turkiyada yashovchi tanishlari bilan til biriktirib, oson daromad topish maqsadida Yangiyo‘l tumanida yashovchi 26 va 33 yoshli ikki ayolni aldov yo‘li bilan chet elga yuborishga uringan. Tekin pishloq qopqonda bo‘ladi, deganlaridek, bu ayollar ham oson pul topishni reja qilgan bo‘lsa neajab. Ularni mo‘may daromad topishga ishontirib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali Istanbul shahriga fohishalik uchun yuborayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi ikki nafar ayolni Turkiyaning Istanbul shahrida yashovchi boshqa o‘zbekistonliklar kutib olishi kerak bo‘lgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, jinoyatga aloqador boshqa shaxslarning shaxsini aniqlash va ularni tergovga jalb qilish choralari ham ko‘rilgan.
A.Musayev, O‘zA.