Tejamkor iqtisodiy rivojlanishga bag‘ishlangan VI xalqaro forum boshlandi
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Rossiya, Slovakiya, Janubiy Koreya va boshqa xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliygohlari bilan hamkorlikda “Milliy iqtisodiyotning resurs tejamkor iqtisodiy rivojlanish modeliga o‘tish strategiyasi” mavzusidagi VI xalqaro forum o‘z ishini boshladi.
Milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, tejamkor texnologiyalarni joriy etish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishning ilmiy-amaliy asoslari keng muhokama qilinayotgan forum mamlakatimiz taraqqiyotining lokomotivi bo‘lgan iqtisodiy mavzudagi ilmiy izlanishlar yurtimizda faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar tomonidan izchil olib borilayotganini, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, “yashil” ko‘nikmalar kabi yo‘nalishlarda samaradorlikka erishilayotganini ko‘rsatmoqda.

Forumda mamlakatimiz iqtisodiyotining tejamkor o‘sishga o‘tish mexanizmlari, vodorod xalqaro savdosining geosiyosati, global beqarorlik sharoitida innovatsion rivojlanish modeli, sug‘urta bozorining barqarorlikka ta’siri kabi mavzularda yosh olimlar ma’ruza qildi.

Tadbirda milliy iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlash va resurs tejamkorlikni strategik darajaga ko‘tarish bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqilayotgani qayd etildi.

Forum o‘z ishini 6 ta alohida sho‘’baga bo‘lingan holda davom ettirmoqda. Ularda resurs tejamkor modelning nazariy jihatlari, real sektorda yangi texnologiyalarni qo‘llash, inson salohiyatidan samarali foydalanish va xorijiy mamlakatlar tajribasi keng muhokama qilinmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA