Teatr sahnasida zamonamiz qahramonlari
Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida yosh avlodni milliy g‘oya, jasorat va matonat ruhida tarbiyalashda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan faol zamondoshlarimiz timsolini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan «Bizning teatr» mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda teatrshunos olimlar, dramaturglar, teatr faxriylari, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Teatr Arboblari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi xududiy bo‘limi raisi, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Rayxan Saparova «Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrining vijudga kelishi va rivojlanish bosqichlari», O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali o‘qituvchisi, teatrshunos, dramaturg Jabbarbergan Xojanov «Yosh tomoshabinlar teatri va milliy dramaturgiya», teatrning adabiy bo‘limi boshlig‘i Darixa Darushova «Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrining keyingi yillardagi faoliyati», O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali talabasi Babur Sobirov «Teatr repertuaridagi spektakllar» mavzularida ma’ruza qildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, taniqli dramaturg Alpisbay Sultanov, Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatrining bosh rejissyori, «Do‘stlik» ordeni sohibi Murat Begimov va boshqalar yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirilayotgan spektakllar haqida o‘zlarining fikrlarini bildirishdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 yanvardagi «2018-2022 yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qaroridagi chora-tadbirlar rejasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bunday tadbirlar yosh avlodning teatrlar tarixi va faoliyati haqida ma’lumatlarga ega bo‘lishida, ularni sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan fidoyilarning ijod yo‘li bilan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida buyuk siymolar, zamonamiz qahramonlarini, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarini aks ettirgan, badiiy yuksak sahna asarlarini yaratishda kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Anjuman yakunida mehmonlar e’tiboriga teatr repertuaridagi spektakllardan lavhalar, teatrlashtirilgan kompozitsiyalardan iborat konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA