TDT mamlakatlari imtihon markazlari o‘rtasida memorandum imzolandi
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar imtihon markazlari o‘rtasida ta’limda baholash va imtihonlarni tashkil etish sohasida hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan “Niyat” memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda "Trend" axborot agentligi.
Qayd etilishicha, kelishuv Ozarbayjon davlat imtihon markazi, Qozog‘iston Fan va oliy ta’lim vazirligi huzuridagi Milliy test markazi, Qirg‘iz Respublikasi Ta’lim vazirligi tizimidagi Ta’lim sifatini rivojlantirish departamenti, Turkiyaning O‘lchash, tanlash va joylashtirish markazi hamda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi o‘rtasida imzolangan.
Protokol doirasida qator ustuvor yo‘nalishlar belgilangan, jumladan, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, imtihon tizimlarini raqamlashtirish, zamonaviy baholash platformalarini joriy etish, test topshiriqlarini tayyorlash va natijalarni baholash jarayonlarida sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan.
D.Hakimov, O‘zA