TDPUda Finlyandiya tajribasi o‘rganilmoqda
Yangilanayotgan O‘zbekistonda ta’lim sohasini isloh qilish, uning sifat va natijaviyligini oshirish taraqqiyotning ustuvor vazifalaridan biriga aylanmoqda.
2020 yil 30 oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham ko‘plab masalalar muhokama qilinib, bu borada strategik vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, o‘quv yuklamasi va darslar sonini qayta ko‘rib chiqish, o‘quvchilarni mulohaza va fikrlashga chorlaydigan metodikani yaratish zarurligi, bu borada Finlyandiya ta’lim tizimi tajribasini o‘rganish vazifasi ham qo‘yildi.

Shu bois ta’lim sohasidagi eng ilg‘or, yetakchi davlat – Finlyandiya tajribasi bilan tanishish maqsadida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida onlayn-uchrashuv tashkil etildi. Unda universitet rektori Alisher Umarov, universitet o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, xalqaro bo‘lim rahbari, Finlyandiyaning JAMK Amaliy fanlar universitetining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida har ikkala universitet o‘zlarining tanishuv taqdimotlarini namoyish etdi.


JAMK kasbiy o‘qituvchilarni tayyorlash maktabi vakili doktor Pekka Risku, JAMK amaliy fanlar universiteti Global ta’lim xizmatlari bo‘limi rahbari Xeikki Pusa, O‘qituvchilar malakasini oshirib bo‘lim boshlig‘i Juxa Xauntanen, O‘qituvchilar ta’limi va global ta’lim koordinatori Yeva Lextonenlar so‘zga chiqib, fin ekspertlarining ilg‘or tajribalari, ochiq va yuqori sifatli o‘qitish tizimidagi o‘ziga xos jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Finlyandiya pedagogik ta’limni oliy ta’limning eng nufuzli yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan davlatlardan biri bo‘lganligi bois, endilikda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti JAMK amaliy fanlar universiteti bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.