Tayanch tog‘larimiz, ustunlarimiz
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani “Sohibkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Maqsudaxon Qurbonova bir umr qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab, halol mehnat qildi. To‘xtasin aka bilan to‘qqiz farzandni bekamu ko‘st voyaga yetkazdi. 79 yoshli onaxon bugun xonadonning duogo‘yi, fayzi. Bugun erta tongdan oilaviy shifokor Rustamjon hamda patronaj hamshiralari onaxon holidan xabar oldi. Salomatligini ko‘zdan kechirib, zarur maslahatlarini berdi.
– Yurtimiz tinch bo‘lsin, – deya qo‘lini duoga ochadi onaxon. – Shunday kunlarga yetkazganiga shukr. Ha, bu kabi insonlar bilan suhbatlashishning gashti bo‘lakcha. Ularning hayotiy tajribalari, o‘gitlari katta saboq aslida. “Keksalar haftaligi” doirasida bo‘lib o‘tayotgan tadbirlar, yo‘qlovlar, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar yoshi ulug‘larimizni behad mamnun etmoqda.

Keksalar – xonadonlarimiz fayzi, bizning tayanch tog‘imiz. Ularga hurmat, ehtirom ko‘rsatish, e’zozlash xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan. Zero, keksalari qadrlangan yurtdan ahillik, fayzu baraka, farovonlik arimasligi – asrlar sinovidan o‘tgan haqiqat. Farg‘ona viloyatida ham “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish - xalqimizga xos ezgu fazilat” degan g‘oya ostida “Keksalar haftaligi” ni yuqori saviyada o‘tkazilishi uchun barcha tadbirlar belgilangan.
– Viloyatimizda 364 ming 200 nafardan ziyod keksalarimiz umrguzaronlik qilmoqda, – deydi viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari To‘lqinoy Tojiyeva. – Ularning hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, oila va jamiyatda, yoshlarni o‘zbek xalqining ko‘p asrlik qadriyat va an’analari ruhida tarbiyalashda keksa avlod vakillarining o‘rnini mustahkamlashdek ezgu maqsadlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur haftalik doirasida mahallalarimizdagi nuroniy otaxon-onaxonlarimizga yana bir bor ehtirom ko‘rsatishni maqsad qilib olganmiz.

Yakka yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Uy-joylari ta’mirlanyapti, obodonlashtirish ishlariga ko‘mak berilyapti. “Inson taftini inson oladi” shiori ostida uyida yotib qolgan hamda shifoxonalarda davolanayotgan keksalar huzurida bo‘lib, yo‘qlanmoqda. Mahallalarda turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, sport musobaqalar tashkil etilmoqda. Shuningdek, haftalik doirasida shahar va tumanlarda yangi qurilgan Nuroniylar maskanlari, mahalla markazlarini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
M. Sulaymonov, O‘zA