Tatar she’riyatidan bahramand bo‘ling
“Oltin meros-press” nashriyoti tomonidan “Turkiy xalqlar she’riyati” rukni ostida “Idel mavjlari” nomli kitob nashrdan chiqdi.
“Oltin meros-press” nashriyoti tomonidan “Turkiy xalqlar she’riyati” rukni ostida “Idel mavjlari” nomli kitob nashrdan chiqdi.
To‘plamga tataristonlik shoirlarning sara she’rlari kiritilgan.
Turkiy xalqlar she’riyati ulkan daryosining bir irmog‘i bo‘lgan tatar nazmi o‘ziga xosligi, jozibasi bilan she’riyat ixlosmandlarini maftun etib keladi.
Xalq ijodiyotidan bahramand bo‘lgan, ravon va o‘ynoqi ohanglar, goh Idel mavjlaridek sollanadigan turfa tuyg‘ular, parvoz istayotgan ozod ruh tatar she’riyatiga ajib ohor va zalvor baxsh etadi. Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Mirmuhsindek buyuk darg‘alar taniqli tatar shoiri Abdulla To‘qay she’rlarini o‘tgan asr boshidayoq o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Ushbu kitobni ustoz adiblar boshlab bergan an’ananing davomi sifatida qabul qilish mumkin. Unda ayrim eski tarjimalardan tortib hozir yashab ijod qilayotgan ijodkorlarning ham she’rlari tarjimalari kiritilgan. Kitobga Abdulla To‘qay, Dardmand, Musa Jalil, Zinnur Mansurov, Renat Xarir, Robert Minnulin, Ahmed Yerikey va boshqalarning ijodi kiritilgan.
Kitobdagi she’rlar Mashrab Boboev, Amirqul Karim, Karim Bahriev, Tohir Qahhorlar tomonidan mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girilgan.
E’tiboringizga to‘plamdan o‘rin olgan tatar shoiri Muso Jalilning Mashrab Boboev tarjima qilgan she’rini taqdim etyapmiz.
Ishonma
Senga mendan xabar bersalar,
«U yiqildi charchab»,— desalar,
Yo‘q, ishonma, bag‘rim!
Bu so‘zni —
Do‘stlar aytmas, yaqin ko‘rsalar.
Bayrog‘imga qon bilan yozgan
Ontim undar olg‘a borishga!
Haqqim bormi hech qoqilishga,
Haqqim bormi charchab-horishga?
Senga mendan xabar bersalar,
«U Vatanin sotdi»,— desalar,
Yo‘q, ishonma, bag‘rim!
Bu so‘zni —
Do‘stlar aytmas, meni sevsalar.
Yurtdan ketdim yurtni, seni deb,
Men kurashdim qonli har damda.
Yurtni, seni qo‘limdan bersam,
Nima qolar menga olamda?
Senga mendan xabar bersalar,
«Musa o‘ldi endi»,— desalar,
Yo‘q, ishonma, bag‘rim!
Bu so‘zni —
Do‘stlar aytmas, meni sevsalar.
Tuproq ko‘mar tanni, ko‘molmas
O‘tli qo‘shiq to‘lgan ko‘nglimni,
«O‘lim» deyish mumkinmi axir,
Yengib o‘lgan bunday o‘limni?