Tashqi ishlar vazirligida uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 24-may kuni Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Shayx Abdulla bin Zoid Al Nahayon bilan uchrashdi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 24-may kuni Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Shayx Abdulla bin Zoid Al Nahayon bilan uchrashdi.Tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari 2017-yil 21-may kuni Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammiti hamda Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2016-yil 18-19-oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan 43-sessiyasi yakunlarini yuqori baholadi. Ushbu tadbirlarda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilish, xavfsizlik, barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Toshkent forumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ma’rifat va ta’lim xalqlar farovonligining asosiy omillaridan biri ekani va insonlarni ezgu ishlarni amalga oshirish, yaxshilikka undashi to‘g‘risidagi so‘zlari Saudiya Arabistoni poytaxtida 50 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari, qator yetakchi xalqaro tashkilotlarning rasmiy vakillari ishtirok etgan sammitda o‘z tasdig‘ini topdi.
Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Tomonlar mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
– Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon o‘tgan 25-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro manfaatli barcha sohalarda izchil rivojlandi, – dedi Shayx Abdulla bin Zoid Al Nahayon. – O‘zbekiston energetika, turizm, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi sohalarida katta imkoniyatlarga ega. Mamlakatlarimizda o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun ulkan salohiyat mavjud. Tomonlar bu salohiyatdan samarali foydalanish, o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishdan manfaatdordir.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari hukumati o‘rtasida madaniy hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.