“Tashabbusli byudjet”: muammolar hal bo‘lmoqda
Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi qator ko‘chalar “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida asfaltlashtirilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 13 apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan “Tashabbusli byudjet” jarayoni joylardagi muammolarni hal etish, byudjet mablag‘larini hududlardagi eng muhim, deb topilgan ishlar, loyihalarga yo‘naltirish imkonini bermoqda.
Joriy yilning mart oylarida “Ochiq byudjet” axborot portaliga kelib tushgan takliflarga ovoz berish jarayoni o‘tkazilib, yakuniy natijalarga ko‘ra 1-bosqich uchun tuman mahalliy byudjeti hisobidan ajratilgan 4 milliard 380 million so‘m mablag‘ doirasida ta’mirtalab ko‘chalarni asfaltlashtirish bo‘yicha dastlabki o‘rinlarni egallagan 5 ta taklif g‘olib deb topilgan edi.
Ovoz berish jarayonida g‘olib bo‘lgan takliflar bo‘yicha ko‘chalarni asfaltlashtirish smeta-loyihalari tayyorlandi. Bu boradagi amaliy ishlar eng ko‘p – 1 ming 938 ta ovoz olgan Boymahalla mahalla fuqarolar yig‘inining Oltin meros ko‘chasidan boshlandi.
- Ayni kunda 4,5 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan mahallamizda 6 ta ko‘cha mavjud, - deydi Boymahalla MFY raisi Mirzohid G‘iyosov. - Hududimizdagi ta’mirtalab holatga kelib qolgan Oltin meros ko‘chasini asfaltlash uchun ko‘p harakat qildik. Lekin muammo hal bo‘lmasdan kelayotgan edi. “Tashabbusli byudjet” loyihasi yillar davomida hal bo‘lmayotgan ana shu muammoni ijobiy hal etilishiga yordam berdi.
Loyiha doirasida Buloqboshi tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 2 ming 580 metr uzunlikdagi Oltin meros ko‘chasiga to‘liq yotqizildi.
[gallery-7680]
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA