Tashabbus: shogird ustozlarini bayram bilan tabrikladi
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Qo‘limizga ilk bor qalam tutib, xat-savodni o‘rgatgan, mehrini ulashgan muallimlarga doimo ta’zimdamiz. Ularning saboqlari, o‘gitlari hayotda doimo asqotadi, bizni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi. Ha, o‘qituvchilik shunday sharafli kasbki, bir umr yo‘limizni charog‘on etadi, qalbimizga ilmu urfon urug‘ini qadaydi.
Farg‘ona viloyati Toshloq tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Abdumajid Soliyev 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni yaqinlashar ekan ilk saboq bergan ustozlarini yo‘qlashni, ularning duosini olishni unutmadi. Faxriy o‘qituvchilarning xonadonlarida bo‘ldi, ularga ezgu tilaklarini bildirdi.
Svetlana Nizomova 47 yil maktabda geografiya fanidan yuzlab o‘g‘il-qizlarga ta’lim berdi. To‘rt farzandni tarbiyalab, kamolga yetkazdi. U o‘z kasbini sevdi, darsga hech qachon xiyonat qilmadi. 81 yoshli onaxon nafaqaga chiqqan bo‘lsada, doimo e’zozda, sobiq o‘quvchilari, mahalla ahli yuksak qadrlaydi. Opaning hayotiy tajribasi ko‘pchilikka ibrat bo‘lib kelayotgani ham aslida mashaqqatli kasbga sadoqatining namunasidir. U 2000 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, sobiq o‘quvchisining bayram arafasidagi yo‘qlovi faxriy o‘qituvchini behad mamnun etdi. Samimiy tilaklar bildirildi, ta’lim sohasidagi islohotlar tilga olindi.
[gallery-4093]
– O‘qituvchilarga bugun e’tibor katta, qani endi yosh bo‘lib qolsamu boshqatdan ishlasam, – deydi S.Nizomova. – Biz ishlagan davrda juda qiyin edi. Oyligimiz oz, darsdan tashqari ishlar juda ko‘p edi. Yoshligimda Abbos aka degan geografiya o‘qituvchisi bo‘lardi. Hamisha u kishining maslahatini eshitardim, chunki shu fanga qiziqardim. Shu ishtiyoq meni o‘qituvchi kasbiga yetaklagan. O‘qituvchilikning nonini yeyish mashaqqatli, shu bilan birgalikda sharafli. O‘z ustida ishlagan, kitob o‘qigan muallim albatta, maktabda qadr topadi. Ayniqsa, erkak o‘qituvchilar bor joyda ta’lim-tarbiya yaxshi bo‘ladi. Hozir ham ko‘chaga chiqsam, dars bergan o‘quvchilarim “assalomu alaykum” deya hurmat ko‘rsatadi, minnatdorchilik bildiradi. Bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA