Tashabbus natija beradi, agar xalq birlashsa...
Angren shahrida joylashgan 23-maktab bugungi kunda faqat ta’lim sifati bilan emas, balki fuqarolarning faol ishtiroki asosida yaratilayotgan infratuzilmaviy o‘zgarishlar bilan ham e’tibor qozonmoqda.
Maktab direktori Behzod Normatov rahbarligida ushbu dargoh “Tashabbusli byudjet” dasturi orqali aholi muammolariga yechim izlashdagi faolligini yuksak darajaga olib chiqmoqda.
Maktab binosining isitish tizimi yangilanishi, zamonaviy hojatxonalar qurilishi, 850 kvadrat metr hovli qismiga asfalt qoplamasi yotqizilishi, maktab atrofining 350 metr perimetri bo‘ylab yevrouslubda qo‘rg‘onlanishi rejalashtirilgan. Bu yangilanishlar mahalla ahli va maktab faollari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgani esa alohida e’tirofga loyiq.
Faollar maktabdagi ana shunday dolzarb masalalarni hal etish maqsadida “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2-mavsumiga loyiha taklif qildi. Ushbu loyiha ma’qullanib, ovozga qo‘yildi va 600 million so‘mlik mablag‘ bilan moliyalashtirishga yo‘llandi. Avvalgi mavsumlarda ham maktab jamoasi ikki marta g‘oliblikka erishgan edi. Bu esa “Tashabbusli byudjet” faqat g‘oya emas, balki xalq manfaatini ta’minlovchi amaliyotga aylanganini ko‘rsatadi.

Xususan, “Qorabog‘” mahalla fuqarolar yig‘ini ham “Tashabbusli byudjet” jarayonida faol ishtirok etdi. Aslida mahallada muammolar yetarli. Ular orasida eski simyog‘ochlarni almashtirish, piyodalar yo‘lakchasi qurish, tomorqalar uchun oqar suv, ichki yo‘llarni ta’mirlash kabi masalalar aholi o‘rtasida keng muhokama qilindi. Nurali Nishonov yetakchiligidagi “mahalla yettiligi” va faollari maslahati bilan Navbahor, Qorabog‘soy va Qorabog‘ ko‘chalarining 3,1 km qismini asfaltlash bo‘yicha taklif tayyorlandi. Ushbu taklif ma’qullandi va ovozga qo‘yildi.
Fuqarolarning uyushqoqligi, tashabbuskorlarning targ‘iboti va mahalladoshlarning yordami bilan 3 ming 464 ta ovoz to‘planib, mazkur loyiha 64 ta loyiha orasida 3-o‘rinni egallab g‘olib deb topildi. Bu jarayon yana bir bor isbotladiki, “Tashabbusli byudjet” orqali mahallalar o‘z taqdiri va kelajagini o‘zlari belgilaydi. Fuqarolar faolligi, jamoatchilik nazorati, hamkorlik va ochiqlik jarayonning asosiy tamoyilidir.
Ta’kidlash lozim, Angren shahri bo‘yicha joriy mavsumda 64 loyiha ishtirok etib, ajratilgan umumiy mablag‘ 16 milliard 183 million so‘mni tashkil qildi. Yangi Bog‘isurh mahallasi 1-o‘rinni, “Qorabog‘” MFY 3-o‘rinni, 23-maktab esa 10-o‘rinni egalladi. O‘tgan davr mazkur amaliyotni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqcadida Prezidentimizning 2025 yil 29 avgustdagi “Tashabbusli byudjet” jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari” to‘g‘risida qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, 2026 yildan boshlab “Tashabbusli byudjet” jarayonida g‘olib bo‘lmagan, lekin aholining talab va ehtiyojlariga mos keluvchi ikkita loyihaga (har mavsumda bittadan) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbusi bilan moliya ajratiladi.
Ushbu loyihalar avtomatik ravishda “Ochiq byudjet” portali orqali g‘olib deb e’lon qilinadi va davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi. Bu esa fuqarolar takliflarini amaliy natijaga olib chiqish imkoniyatini kengaytiradi. Qarorda har bir deputatga yiliga ikki mavsum uchun umumiy hisobda 8 ming barobar bazaviy hisoblash miqdoridagi mablag‘ni taqsimlash belgilangan. Muhimi, mazkur hujjat nafaqat fuqarolarning ishtirokini, balki xalq vakillari ‒ deputatlarning ham ushbu jarayonda faol rolini mustahkamlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Tashabbusli byudjet” bugungi kunda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati rivojining haqiqiy ifodasiga aylanmoqda. U orqali odamlar o‘z ovozi, tashabbusi va sa’yi-harakati bilan hayotini o‘zgartirmoqda. Yangi qarorlar bu jarayonni yanada mustahkamlab, jamiyatning davlat bilan hamkorlikdagi islohotlarida qudratli poydevor yaratib beradi.
Ne’mat Dushayev,
Xalq deputatlari Angren shahar kengashi deputati.
O‘zA.