Tarixiy mundial: raqamlar va qiziqarli faktlar
Bir necha kundan so‘ng start oladigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati nafaqat musobaqa formati, balki ishtirokchilar soni va qamrovi jihatidan ham tarixdagi eng yirik mundial sifatida qayd etiladi. AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadigan musobaqada ilk bor 48 terma jamoa qatnashadi. Ular orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ham borligi mamlakatimiz futbol muxlislari uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
FIFA tomonidan tasdiqlangan jamoalarning yakuniy tarkiblariga ko‘ra, jahon chempionatida jami 1 ming 248 nafar futbolchi ishtirok etadigan bo‘ldi. Bu mundiallar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Ularning 891 nafari uchun musobaqa debyut bo‘lsa, 357 nafar futbolchi avvalgi Jahon chempionatlarida ham qatnashgan.
Kengaytirilgan format tufayli O‘zbekiston, Kabo-Verde, Kyurasao, Iordaniya kabi mamlakatlar ilk bor Jahon chempionati sahnasiga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, O‘zbekistonning mundialga yo‘l olishi mamlakatda ko‘p yillar davomida amalga oshirilgan tizimli islohotlar va yoshlar futboliga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda.

FIFA tomonidan e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarda mamlakatimiz Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etayotgan terma jamoalar qatorida ekani alohida ta’kidlangan. O‘zbekistonlik yosh himoyachi Abduqodir Husanovni ham mundialda o‘zini namoyon qilishi kutilayotgan istiqbolli futbolchilardan biri sifatida e’tirof etgan.

“JCH-2026” ishtirokchilari orasida tarixiy natija qayd etadigan futbolchilar ham bor. Xususan, Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu va Gilermo Ochoa o‘z faoliyatlaridagi oltinchi Jahon chempionatida qatnashib, bu borada jahon futboli tarixidagi ilk rekordchilarga aylanadi.
Shu o‘rinda musobaqaga oid ayrim qiziqarli raqamlarga ham to‘xtalib o‘tish joiz. Jumladan, turnirning eng yoshi katta ishtirokchisi 43 yoshli shotlandiyalik darvozabon Kreyg Gordon bo‘lsa, eng yosh futbolchi sifatida 17 yoshli meksikalik yarim himoyachi Xilberto Mora qayd etilmoqda. Umuman olganda, Jahon chempionati ishtirokchilari orasida 20 yoshga to‘lmagan 22 nafar va 40 yoshdan oshgan yetti nafar futbolchi bor.

Qiziqarli statistikalardan yana biri ishtirokchilarning jismoniy ko‘rsatkichlari bilan bog‘liq. Turnirning eng baland bo‘yli futbolchisi Avstriya terma jamoasi darvozaboni Florian Vigele bo‘lib, uning bo‘yi 205 santimetrni tashkil etadi. Eng past bo‘yli ishtirokchi esa Panama terma jamoasi a’zosi Sesar Yanis bo‘lib, uning bo‘yi 160 santimetrga teng.
FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, Jahon chempionatida avvalgi mundiallarda chempionlikni qo‘lga kiritgan 22 nafar futbolchi ham maydonga tushadi. Bu esa tajriba va yoshlik, an’ana va yangilanish uyg‘unligini namoyon etadi.
104 ta uchrashuvdan iborat mundial nafaqat futbol bayrami, balki yangi tarix bitiladigan maydon ham bo‘ladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa ana shu tarixning ajralmas qismi sifatida o‘zining ilk Jahon chempionati sahifasini ochadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA