Tarixda hech narsa izsiz ketmaydi, unutilmaydi!
1928 yil. O‘n to‘rt jon yashab turgan xonadon tortib olindi.
1928 yil. O‘n to‘rt jon yashab turgan xonadon tortib olindi. Qahraton kunlarda katta oila yozgi hovlida ham qishning, ham zamonning qahridan sovuq qotib, qiynalib yashay boshladi. Ammo bu bilan azoblar bitmadi, tugamadi. Ota-o‘g‘il ko‘p vaqt yashirinib yurishga majbur bo‘ldi. 1929-1930 yillar davomida organ xodimlari bir necha bor ularni olib ketib, osh-ovqatsiz, suvsiz holda kechgacha so‘roqqa tutdi. Shu zaylda vaqt o‘tdi. Biroq muhit, munosabat o‘zgarmadi.
1937 yil 14 avgust. Tungi soat uch. Bu gal ota-o‘g‘il hech bir so‘roqsiz, asossiz qamoqqa olindi. Xonadondan ikkita yuk mashinasida nodir qo‘lyozma kitoblar olib ketildi. Ota-bolani dastlab NKVD yerto‘lasida, keyinchalik esa Oloy bozoriga yaqin joydagi qamoqxonada saqlashdi. Oradan chamasi olti oylar o‘tgach, ota qamoqdan ozod etildi. O‘g‘il esa Sibirga badarg‘a qilindi. 1938 yil noyabr oyida u otib o‘ldirildi.
Eng asosiy gap: Ularning “aybi” Islom dinini sevgani, “gunohi” ma’rifatli inson bo‘lgani edi.
Bu taniqli din ulamosi Eshon Boboxon va uning farzandi Zaynuddinxonning achchiq hayotidan bir lavha edi. Shunday mashaqqat va zug‘umlar, yo‘qotishlarga qaramay, bu oila vakillarining irodasi sinmadi, e’tiqodi so‘nmadi. Hech bir zulm ularning shijoatini yengolmadi. Aksincha. Sulola muqaddas dinimiz uchun qiyin-qistovli, og‘ir zamonlarda musulmonlar orasida iymon-e’tiqodni mustahkamlash, islomiy ma’rifat va ma’naviyatni targ‘ib qilishda fidoyilik, jasorat ko‘rsatdi. Natijada har dilda, har uyda Qur’oni karim tilovat qilindi. Chaqaloqlar qulog‘iga azon aytib, ism qo‘yildi. Otalarimiz, onalarimiz janozasiz ko‘milmadi, muborak qabri ziyoratsiz, duosiz qolmadi.
Bular haqida Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxonning 37 nabiralaridan biri Amirsaidxon Usmonxo‘jaev quyidagilarni so‘zlab berdi:
– 1943 yilning kuz oylarida Toshkentda diniy tashkilot va masjid ochishga Moskvadan ruxsat bo‘ladi. Biroq hukumat diniy idora uchun bino ajrata olmasligini bildirgan. Shunda bobom Eshon Boboxon hukumat vakillariga “Diniy idora eski shahardagi Hazrati Imom dahasida bo‘lishi kerak, shuning uchun 1928 yilda musodara qilingan uyimni qaytarib bersanglar”, degan ekanlar. Shunga ko‘ra, uch kun ichida uy qaytarib beriladi. Shu yili ta’mirlanadi. O‘n ikki yil davomida Diniy nazorat idorasi bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur din markazini jihozlash maqsadida asrlar mobaynida ota-bobolari tomonidan va o‘zlari to‘plagan nodir kitoblarni tortiq etib, kutubxona ochishgan. Tog‘am Ziyovuddinxon muftiylik maoshining teng yarmini muttasil ravishda shu kutubxonaga kitob olish uchun o‘tkazib borgan. Bu ish yigirma besh yildan ortiq davr mobaynida uzluksiz davom etgan. Kutubxona Toshkentdagi boy ilm xazinalaridan biriga aylangan ekan. Unda Qur’oni karimning har xil hajmdagi qo‘lyozma va bosma nusxalari, tafsirga oid kitoblar, hadis, fiqh, arab sarf – nahvi, mantiq, tarix, tib, she’riy to‘plamlar, jug‘rofiya, falsafa, ilohiyot, riyoziyot, falakiyot va boshqa fanlar bo‘yicha yozilgan asarlarning sharhlari bilan tanishish mumkin bo‘lgan.
Bobom Eshon Boboxon hazratlari harakati bilan 1945 yili sobiq ittifoq musulmonlari haj safariga borishi qayta tiklanadi. Bobom ana shu muqaddas safarda ziyoratchilar guruhiga rahbar sifatida Makkada Saudiya Arabistoni podshosi Abdulaziz ibn Saud qabulida bo‘lganlar. O‘sha yili Islom davlatlari bilan tashqi aloqalar o‘rnatilishi va sobiq ittifoq musulmonlarining har yili haj safariga borishiga asos solinadi.
Shu tarzda muftiy Boboxonovlar sulolasi 1943-1989 yillarda sho‘ro davlatida dinimizni qayta tiklashga, diniy kadrlar tayyorlashga, xalqlar o‘rtasida do‘stlik o‘rnatishga xizmat qildi. Bobom Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasining asoschisi, birinchi raisi, ayni paytda O‘rta Osiyodagi besh jumhuriyatning muftiysi bo‘lgan. 1945 yilda u kishining tashabbusi bilan Buxorodagi Mirarab madrasasi qayta ochilgan.
Bobom 1957 yilda 99 yoshida vafot etgan. Shundan so‘ng tog‘am Ziyovuddin Boboxon muftiylikka tayinlanadi va 25 yil davomida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlariga rahbarlik qiladi. 1971 yilda uning tashabbusi bilan Toshkentda sobiq ittifoqdagi birinchi Islom instituti – Toshkent Oliy islom ma’hadi ochiladi.
Bunga dahriy siyosati mafkurachilari katta to‘sqinlik qilishgan ekan. Moskavada: sobiq ittifoqda islom instituti bo‘lishi mumkin emas” deganlarga Ziyovuddin Boboxon “Mayli, unga oliy ma’xad nomini beramiz” degan ekanlar. Vaholanki, ma’xadning ma’nosi ham maktab degani.
1982 yil dekabrida Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon 74 yoshida vafot etishidan sal avval, u kishining o‘g‘li Shamsiddin Boboxon muftiylikka tayinlangan va yetti yil shu lavozimda ishlagan. 1994 yildan 2003 yilda 66 yoshida vafot etguniga qadar O‘zbekistonning avval Misr, keyin Saudiya Arabistoni, shuningdek, Iordaniya, Kuvayt, Bahrayn va Jazoirdagi Favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib xizmat qilgan. Xullas, 47 yil davomida ota-o‘g‘il-nevara Boboxonovlar Sovet davlatini jahondagi 80 ga yaqin Islom va arab davlatlari bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalar o‘rnatilishida ahamiyatli o‘rin tutgan.
Ha... Taqvosi kuchli, imoni mustahkam, e’tiqodiga sodiq Boboxonovlar sulolasi vakillarining mehnatlari, mashaqqatlarining tarixi uzoq, har biri alohida kitob bo‘lgulik. Sulola bosib o‘tgan hayot yo‘li bugun va erta uchun katta ibrat maktabi. Shu sabab ham Amirsaidxon Usmonxo‘jaev necha yilki, Boboxonovlar sulolasi tarixini o‘rganish va diniy-ma’naviy merosini targ‘ib qilish bilan mashg‘ul. 2007 yil noyabrida Nijniy Novgorod viloyati muftiysi Umar Hazrat Idrisov tashabbusi bilan Rossiyada "Muftiy Boboxonovlar" jamg‘armasi ta’sis etilgan va jamg‘armaga Amirsaidxon Usmonxo‘jaev rais etib tayinlangan.
Asli iqtisodchi bo‘lgan 75 yoshli otaxonning 2008 yil Moskvada "Jizn muftiev Babaxanovыx: Slujenie vozrojdeniyu islama v Sovetskom Soyuze" nomli birinchi kitobi chop etilgan. Ushbu kitob 2011 yilda Toshkentda "Dinimiz fidoyilari" nomi bilan nashr etilgan.
Amirsaidxon Usmonxo‘jaev o‘ziga qarashli hovlida "Muftiy Boboxonovlar tarixi" ma’naviy-ma’rifiy ko‘rgazmasini tashkil etgan. Ushbu ko‘rgazma zali sulola hayotiga oid rasmlar, hujjatlar, asarlarga to‘la. Moziyning haqiqiy manzarasini jonlantirgan bu xazinani yanada boyitish imkoni bor. A.Usmonxo‘jaev bunga astoydil ishonadi va uni amalga oshirishga qat’iy bel bog‘lagan. Yaqinda "Muftiy Boboxonovlar" jamg‘armasi Adliya vazirligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi uning ishonchini yanada mustahkamladi.
– Niyatim sulolamizning hamda yurtimizning boshqa allomalari va olimlarining ilmiy merosini chuqur o‘rganib, avlodlarimizga yetkazish, – deydi u. – Buni jamg‘armamizning o‘zigina uddalashi qiyin, albatta. O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, diniy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari ko‘makka, hamkorlikka tayyor ekanini bildirganda o‘zim uchun ham, millatimiz, farzandlarimiz uchun ham juda quvondim.
Hayotning oddiy falsafasi bor: ezgu amal, savobli ish zamon va makon tanlamaydi. Xohish, istak bo‘lsa bas! Eng muhimi, u hech qachon izsiz ketmaydi, unutilmaydi. Boboxonovlar sulolasining tarix va kelajak oldidagi xizmati buning yorqin isboti bo‘lib qolaveradi.