Tarix instituti xalqaro aloqalari kengaymoqda
Tarix fanini chuqur tadqiq etishda chet ellarda saqlanayotgan yozma manbalarni aniqlash, ularni o‘qib tahlil qila oladigan mutaxassislarni tayyorlash birlamchi ahamiyat kasb etadi.
Bu borada xorijiy tadqiqot muassasalari hamda mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimdir. So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini kuchaytirayotgan Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo 20 avgust kuni Mo‘g‘ulistondagi Dunyo tarixi, madaniyati va me’morchiligi xalqaro instituti direktori To‘racharxon Chig‘atoyxon bilan uchrashdi.
O‘zbek xalqi va davlatchiligi tarixini o‘rganishda mazkur mamlakat imkonlari, xususan, undagi yozma va boshqa turdagi manbalar, olib borilayotgan ilmiy izlanishlar olimlarimiz uchun deyarli noma’lum bo‘lib qolmoqda. Shuning uchun ham uchrashuvda bosh urg‘u tomonlar tarixini o‘rganish, ijtimoiy fanlar sohasidagi institutlar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, kutubxona va jamg‘armalarda saqlanayotgan yozma manbalarni o‘rganish, mutaxassislar tayyorlash masalalariga berildi.
Azamat Ziyo ikki yurt va xalqlar tarixining ildizlari chuqurligi, ammo bugunga qadar ko‘plab dolzarb mavzular to‘liq o‘rganilmagani, Mo‘g‘ulistonda arab, fors, xitoy, mo‘g‘ul va turkiy tillardagi yozma manbalar bizning tarixchilarga ma’lum emasligi, mo‘g‘ul tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning zarurati haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, Tarix instituti va Mo‘g‘uliston Fanlar akademiyasi tarkibidagi institutlar, mazkur mamlakatdagi muzeylar, jamg‘armalar bilan ilmiy aloqalar o‘rnatish zarurati, mo‘g‘ulistonlik tarixchi olimlar o‘z ilmiy maqolalarini «O‘zbekiston tarixi» jurnalida chop etishlari mumkinligi, Tarix instituti xodimlarining Mo‘g‘ulistonga ilmiy safarlarini uyushtirish muhimligi qayd etildi.
O‘z navbatida, To‘racharxon Chig‘atoyxon ham uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, Dunyo tarixi, madaniyati va me’morchiligi xalqaro institutining ilmiy faoliyati haqida to‘xtaldi, turkiy va mo‘g‘ul xalqlari tarixini chuqur o‘rganish, mo‘g‘ulistonlik tadqiqotchilarining O‘zbekiston tarixchilari ilmiy maktabi tajribasini o‘rganishga ko‘maklashish kabi masalalarga urg‘u berdi.
Uchrashuv so‘nggida tomonlar hamkorlik dasturi va rejalarini ishlab chiqish hamda keyingi bosqichda tegishli bitim imzolashga kelishib oldilar.
Vohid Xolov,
FA Tarix instituti Xalqaro hamkorlik
va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i