Tarbiya va ta’lim yaxshi insonning yuzidir
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida 180 o‘ringa mo‘ljallangan 31- davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Respublikada yagona bo‘lgan matematikaga ixtisoslashgan mazkur muassasa tumanning “Darg‘ali” mahallasida faoliyat boshladi. “Meridian avtostroy” MCHJ bunyodkorlari tomonidan 2 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurilgan 3 qavatli bino barcha zamonaviy sharoitlarga ega.
Tadbirda Maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin darg‘aliklarni bugungi quvonchli kun, yangi ta’lim-tarbiya maskanining ochilishi bilan qutladi.
–Tarbiyaning negizi bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini zamon talablari darajasida zarur anjomlar, malakali kadrlar bilan ta’minlash yetuk, barkamol kelajak avlodni tarbiyalashda muhim omil hisoblanadi, – deydi vazir. – Yangi maktabgacha ta’lim muassasasi ochilishi munosabati bilan buyuk Imom Al-Buxoriyning “Tarbiya va ta’lim yaxshi insonning yuzidir” degan so‘zlarini keltirmoqchiman. Bu so‘zlar yuzlab yillar oldin aytilgan, ammo ular bugungi kunda ham dolzarbdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzalarida ta’kidlaganidek, ta’lim tizimi yangi O‘zbekiston va yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Uyg‘onish davri poydevorini shakllantirishning tamal toshi hisoblanadi. Shunday ekan, ushbu tarixiy imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik, xalqimiz ishonchini oqlash uchun bor kuch-g‘ayratimizni ishga solaylik.
Pedagogika kolleji negizida tashkil etilgan maktabgacha ta’lim tashkilotida guruh va sanitariya-gigiyena xonalari, tibbiyot xonasi, musiqa zali, alohida oshxona, umumiy ovqatlanish zali, o‘yin maydonchalari barpo etilgan.
Tumanda jami 132 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritadi. Shundan, 32 ta davlat, 9 ta davlat xususiy sherikchilik asosidagi, 1 ta xususiy MTT, 90 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud. Ayni vaqtda tuman miqyosida maktabgacha ta’limga 13 ming 340 nafar bolalarning 54,4 foizi qamrab olingan. Ushbu ko‘rsatkich 2020 yil yakunida 38 foizni tashkil qilgan edi.
Muassasaning foydalanishga topshirilishi natijasida 40 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
[gallery-4958]
Zarif Komilov, O‘zA