Taraqqiyot va farovonlik omili
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik milliy iqtisodiyotimiz tayanchi, xalqimiz farovonligining muhim omiliga aylandi. Bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirishda ushbu sohaning o‘rni ortmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik milliy iqtisodiyotimiz tayanchi, xalqimiz farovonligining muhim omiliga aylandi. Bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirishda ushbu sohaning o‘rni ortmoqda.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlar imkoniyatlarini yanada kengaytirib, ularning har tomonlama erkin va samarali faoliyat yuritishiga xizmat qilmoqda.
Xorazm viloyati Xiva tumanida tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini takomillashtirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, nazorat organlarining tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashishining oldini olish bo‘yicha qonunchilikka kiritilgan so‘nggi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar asosida kichik biznes subyektlari uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Hokimlik va tegishli idoralar mas’ul xodimlari hamda tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqotlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ochiq eshiklar kuni tadbirlari, ishonch telefonlari tashkil etildi.
– Tumanda 2016-yilda 1 ming 300 dan ortiq tadbirkorlik subyekti ro‘yxatdan o‘tkazildi, – deydi Xiva tumani hokimligi huzuridagi davlat xizmatlari ko‘rsatish “yagona darcha” markazi direktori M.Kamolov. – Ayni paytda ular 8 mingdan oshdi. Bu ishlab chiqarish hajmi va turini oshirish, savdo, transport, turizm, maishiy va aloqa xizmati ko‘rsatish ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Hunarmand Valijon Ibrohimov zamonaviy mebellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun “yagona darcha” markaziga interaktiv yagona davlat portali orqali murojaat qildi. Unga markaz xodimlari tomonidan qisqa fursatda tegishli davlat xizmatlari ko‘rsatish barobarida, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish, fuqarolarga davlat xizmati ko‘rsatish tartibi va muddatlari to‘g‘risida maslahat berildi.
– Murojaatim bunchalik tez ko‘rib chiqilishini kutmagandim, – deydi V.Ibrohimov. – Bir kunning o‘zida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdim. Hozirda tumanimiz aholisiga o‘ndan ortiq turdagi mebel yasash va ta’mirlash kabi xizmatlarni ko‘rsatmoqdamiz.
Yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etib, xaridorgir, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.
– Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor bizni yangi loyihalar ustida ishlashga undamoqda, – deydi “Xorazm rich milk” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Y.Iskandarov. – Yaqinda sutni qayta ishlash orqali 10 turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Korxonamiz tomonidan aholi dasturxoniga 8 turdagi qandolat va non mahsulotlari ham yetkazib berilmoqda.
Korxonaga mazkur ishlar va xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirish uchun Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tuman filialidan 520 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. O‘ndan ortiq yoshlar mehnat qilayotgan korxona jamoasi mahsulot hajmi va turini yanada oshirib, uni eksportga chiqarishni rejalashtirmoqda.