Taraqqiyot va adolat qomusi
Konstitutsiyamiz – xalqning erkinlik sari bosib o‘tgan uzoq yo‘li, izlanishlari in’ikosi.
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni
Konstitutsiyamiz – xalqning erkinlik sari bosib o‘tgan uzoq yo‘li, izlanishlari in’ikosi. Avvalambor, konstitutsiyaviy binoni qurishda uch ming yillik milliy davlatchilik tajribasiga tayanilganini qayd etamiz.
Bosh qomusimizda bugungi kungina emas, balki xalqimizning tarixiy ildizlari, mustaqil davlat haqidagi asriy orzulari mujassam.
Garchi davlatchiligimiz tarixida boshqaruvning asosiy maqsadini o‘zida aks ettirgan qomusiy hujjatlar mavjud bo‘lgan. Jumladan, “Temur tuzuklari” konstitutsiyaviy hujjat hisoblangan. Bu asos shariat qonunlari va Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan.
Konstitutsiya lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk ma’nolarida keladi. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.
Bosh qomusimiz yaratilishiga harakat mamlakatimiz mustaqillikka erishmasdanoq boshlangan. Ya’ni, 1990 yil 21 iyunda Oliy Kengash qarori bilan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan ikki yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.
Ilk loyiha matbuotda e’lon qilinganida xalqimiz tomonidan olti mingdan ziyod taklif bildirilgan va ulardan o‘rinli foydalanilgan. Bosh qomusimiz yaralishida jahon tajribasidan ham keng foydalanilganini ta’kidlash joiz.
Konstitutsiyaning har bir moddasi millionlab fuqarolar taqdiriga daxldor. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida shunday ta’kidladi: “Mamlakatimiz bosib o‘tgan g‘oyat murakkab va sharafli yo‘l Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuchi va ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Asosiy qonunimiz negizida yaratilgan Harakatlar strategiyasi bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda, innovatsion va industrial rivojlanish sari odimlashda beqiyos o‘rin egallamoqda”.
Binobarin, Konstitutsiyamiz – xalqimiz uchun adolat qomusidir.
Konstitutsiyamizning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizning barcha sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy mexanizmni tashkil etdi. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda Konstitutsiya normalariga muvofiq kodekslar, ko‘plab qonunlar, qonun osti hujjatlari qabul qilindi, shuningdek, ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalar ratifikatsiya bo‘ldi.
Konstitutsiyamizga rivojlangan davlatlar ilg‘or tajribasidan hamda mavjud muammoli holatlardan kelib chiqib bugungi kunga qadar bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildiki, bu davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Jumladan, 2019 yil 5 martdagi Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning mas’uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuni bilan Konstitutsiyamizga (79, 93 va 98-moddalariga) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar Hukumatni shakllantirish tartibini yanada demokratlashtirish, “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” prinsipining bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta’minlash, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining davlat boshqaruvidagi rolini oshirishdagi huquq va vakolatlarini kengaytirish maqsadiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Bosh qomusimiz jahonda amaldagi eng demokratik qonunlardan biri bo‘lib, davlatimiz va jamiyatimizning rivojlanishi, demokratik islohotlar jadalligi va samaradorligini oshirish maqsadida o‘zaro hamkorlik qilish uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda.
Mirkomil BOZOROV,
O‘zbekiston Respublikasi
Adliya vazirligi mas’ul xodimi.