Taraqqiyot kushandasi
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida seminar tashkil etildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzusida seminar tashkil etildi.
Korrupsiya barcha zamonlar va jamiyatlarda taraqqiyot, rivojlanish uchun eng asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib kelgan. Yana bir muhim jihati, ushbu illat zamon va makon bilan bir qatorda, millat va davlat tanlamasligi bilan xavflidir. Bugungi kunda tadqiqotchilar tomonidan ko‘plab millatlar, turli mintaqalarga xos bo‘lgan korrupsiya shakllari aniqlanib, tadqiq etilgan.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash, ushbu illatning oqibatlarini bartaraf etish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni, sohaga doir ko‘plab qarorlarning imzolanishi yuqoridagi fikrimizning isbotidir. Ushbu seminar ham aynan shu yo‘nalishdagi qarorlarning ijrosini ta’minlash borasida qilinayotgan amaliy ishlardan biridir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida alohida maqsadli guruhlarning korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmi va tizimi haqida huquqiy bilimi va xabardorligini oshirish, korrupsiya omillarini aniqlash, korrupsiya xavf-xatarlarini boshqarish va ularni minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish borasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari uchun davriy ta’lim berish tizimini joriy etish vazifasi yuklatilgan. Ushbu seminar ayni maqsadda tashkil etildi.
Seminarda korrupsiyaning kelib chiqish sabablari, uning oldini olish borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida fikr almashildi.
Berilgan ma’lumotlar mahalla fuqarolar yig‘inlarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish sohasidagi ishlarni tashkil etish, samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.