Taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat” Xalqaro sheriklik haftaligining navbatdagi ish kuni ham samarali kechdi.
Jumladan, “Yangi O‘zbekiston – yangilangan tashqi siyosat” mavzusidagi xalqaro anjuman xorijlik olimlar, siyosatshunoslar, ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev jahonga yangilangan davlat sifatida tanilib borayotgan Vatanimizning tashqi siyosatining o‘ziga xos jihatlari, ustuvorliklari, bu yo‘nalishda erishilayotgan yutuqlar, istiqboldagi vazifalar xususida batafsil so‘z yuritdi.
Aytish kerakki, bundan olti-yetti yil muqaddam O‘zbekiston rahbariyati tomonidan yuritilayotgan tashqi siyosat dunyo davlatlari bilan teng, o‘zaro manfaatli, ochiq, konstruktiv siyosat yuritish, o‘zaro munosabatlarni ishonch va samimiyatga asoslangan yangicha asosda yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda.
Haftalikning navbatdagi ish kunida “Yangi O‘zbekiston – inson qadri e’zozlangan diyor” nomli xalqaro forum ham bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova mamlakatimizda xotin-qizlarning manfaatlarini ta’minlash, ular uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish borasidagi yangi mexanizm xususida, uning ahamiyati, millionlab xonadonlarga keltirayotgan samarasi haqida batafsil so‘z yuritdi. Forum davomida O‘zbekistonning o‘z taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlayotgani, yangilangan Vatanimizda erishilgan yutuqlar ibrat olishga arzigulik ekanini alohida e’tirof etdilar.
Shu kuni “Yangi O‘zbekiston barqaror rivojlanish maqsadlari va “Yashil taraqqiyot”, “Barqaror rivojlanish maqsadlari: oziq-ovqat xavfsizligi va suv ta’minoti”, “Tadbirkor ayollar biznes forumi” kabi mavzularda xalqaro anjumanlar, taqdimotlar, forumlar bo‘lib o‘tdi. Haftalik ishtirokchilari dolzarb mavzular bo‘yicha o‘zaro muloqot qilish, fikr va tajriba almashish imkoniga ega bo‘lgani diqqatga sazovordir.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri