Taraqqiyot formulasi aks etgan dastur
Islohotlarni xalq manfaatlari yoʻlida izchil davom ettirish maqsadida Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Har yilgi anʼanaga muvofiq 2020-yil uchun ham Davlat dasturi eʼlon qilindi. “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni orqali tasdiqlangan Dastur xalqimiz hayotiga oʻziga xos yangilanishlarni, koʻtarinki ruhni olib kirdi deyishga toʻliq asos bor.Xalq muhokamasi
Islohotlarni xalq manfaatlari yoʻlida izchil davom ettirish maqsadida Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
Muhokamalar jarayonida xalqimiz, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida tele va radiokanallar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirlarda mingdan ortiq bevosita muloqotlar tashkil etildi. Fuqarolarimiz bildirgan taklif-tavsiyalar tegishli soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida chuqur tahlil qilindi.
Xususan, jamoatchilik muhokamasi doirasida uch mingdan ortiq takliflar kelib tushdi, ular asosida Davlat dasturi loyihasiga yuzga yaqin konseptual va tahririy oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Shu bilan birga taʼkidlash lozimki, fuqarolarning haqli eʼtirozlari sababli ayrim tadbirlarni mukammal oʻrganilishi munosabati bilan, Davlat dasturi loyihasidan chiqarib tashlandi.
Misol uchun, Davlat dasturi loyihasida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida yoʻl harakatlari qoidalari boʻyicha imtihon oʻtkazish
va natijalari boʻyicha sertifikat berish, shuningdek umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini tugatgan va imtihondan oʻtgan shaxslarga haydovchilik guvohnomasi berish tartibini joriy etish nazarda tutilgan edi. Lekin fuqarolar tomonidan ushbu taklifni amalga oshirish bir qator resurslar talab qilinishi bildirilganidan keyin mazkur taklif loyihadan chiqarildi.
Bundan tashqari, Davlat dasturi loyihasida keltirilgan senatorlarni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari qatoriga kiritish, xususiy ijro byurosi faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslarini yaratish bilan bogʻliq tadbirlar ham loyihadan chiqarib tashlandi.
Dasturda har yil yakunida yil davomida qabul qilingan qonunlarning samaradorligi va xalq tomonidan baholanib borishini monitoring qilish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish amaliyoti belgilangan. Ushbu amaliyot qonunlar ijrosini taʼminlash borasidagi harakatlarni rivojlantirishi shubhasiz.
Sud-huquq tizimiga oid islohotlar
Davlat dasturining eng muhim yoʻnalishlaridan biri – Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yana-da isloh qilish sohasiga tegishli boʻlib, Dasturda bu sohaga oid koʻzda tutilgan oʻzgarishlarda yangi davr talablarini his qilish mumkin.
Jumladan:
birinchi, sud hukmlari, qarorlari, ajrimlari, hal qiluv qarorlari va qonuniy kuchga kirgan ishlarni tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati mavjud boʻlgandagina prokuror tomonidan suddan talab qilib olish (2020-yil 1-maydan boshlab);
ikkinchi, 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon fuqaroligi boʻlmagan, doimiy istiqomat qilayotgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlish istagini bildirgan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish (2020-yil 1-apreldan boshlab);
uchinchi, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari isloh qilinib, nazorat tartibida ish yuritish instituti bekor qilinishi (2020-yil 1-noyabrga qadar);
toʻrtinchi, tadbirkorlik sohasidagi ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat turlari dekriminalizatsiya qilinishi, shuningdek, bojxona sohasidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatini birinchi marta sodir etgan, tovar uchun toʻlovni ixtiyoriy ravishda toʻlagan va bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish (2020-yil 1-iyunga qadar);
beshinchi, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish jinoyat ishlari boʻyicha sudlar ish yurituviga oʻtkazilishi (2020-yil 1-dekabrdan boshlab);
oltinchi, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan MJtKning tegishli moddasida nazarda tutilgan jarimani sud va vakolatli idoralarda ish koʻrilgunga qadar ixtiyoriy toʻlashni ragʻbatlantirish (2020-yil 1-dekabrdan) kabi tizimlarning joriy etilishi mamlakat hayotida tub burilishlar yasaydi deyishga asos bor.
Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yoʻnalishda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini, jumladan, tizimlashtirilgan “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri, shuningdek, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini tartibga soluvchi hamda Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqilishini taʼminlash borasidagi topshiriqlarda ham inson manfaatlari mujassam.
Ushbu tadbirlar zamirida fuqarolarning chorak asrlik orzu-armonlari mujassamlashganligini inobatga olsak, ushbu muammolarning yechilishi yurtimizda inson qadri-qimmatini eʼzozlash yoʻlida ulkan qadamlar boʻlishini tasavvur etish qiyin emas.
Propiska muammosi yechimi
Albatta Davlat dasturidagi ham eng koʻp jamoatchilik muhokamalariga sabab boʻlgan yangilik bu propiska tizimini isloh qilish bilan bogʻliq boʻldi.
Ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda, asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish oʻrinlari yaratilayotgan hududlar oʻrtasida tafovutni bartaraf etish va ichki migratsiyani erkinlashtirish nuqtayi nazaridan, propiska tizimini isloh qilish muhim masala sifatida Davlat dasturidan joy oldi.
Unga asosan 2020-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koʻchmas mulkni olishda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega boʻlish talab qilinmasligini koʻzda tutuvchi tartibni joriy etish hamda Oʻzbekistonda doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda koʻchmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish belgilandi.
Ekologiya muammosi
Dasturning eng muhim jihatlaridan yana biri bu ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga har doimgidan koʻra yuz karra koʻproq eʼtibor berilgan.
Dasturda bu muhim masala Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yoʻnalishda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini, shu jumladan, Uy-joy kodeksining yangi tahriri, Ekologiya kodeksi loyihasi, “Suv taʼminoti va oqova xizmatlar toʻgʻrisida”gi va Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish konsepsiyalari, Qurilish sohasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilishini taʼminlash kabi vazifalarda oʻz aksini topgan.
Shuningdek, propiska tizimidan roʻyxatga olish (registratsiya) tizimiga oʻtish ham ushbu islohotlar jarayonida koʻzda tutilgan. Xorijiy davlatlarning bu sohadagi tajribasiga qaraydigan boʻlsak, roʻyxatga olish (registratsiya) tizimi propiska tizimidan biror imtiyoz berish yoki cheklov oʻrnatishga qaratilmaganligi bilan ajratiladi. Masalan, propiskaga ega boʻlgan shaxs uchun turli bank va davlat xizmatlarni koʻrsatishda doimiy propiskadan oʻtgan joyidan borib foydalanish talab etilsa, roʻyxatga olish (registratsiya) tizimida esa ushbu xizmatlar eksterritorial prinsip asosida koʻrsatilishi mumkin.
Raqamli texnologiyalar
Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb eʼlon qilingan 2020-yilda Davlat dasturida bu masalaga katta eʼtibor qaratilgani mantiqan toʻgʻridir. Dasturda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturi loyihasini ishlab chiqish vazifasi qoʻyilgan. Bunda:
a) axborot texnologiyalari sohasida inson kapitalini rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlarini raqamli shaklga transformatsiya qilish, axborot ekotizimini rivojlantirish, davlat organlari
va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash;
b) davlat organlari va tashkilotlarida axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlardan foydalanishga oʻtish, oʻrnatilgan funksional talablarga muvofiq keladigan mahalliy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarning yagona bazasini shakllantirish, mahalliy axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishni yana-da rivojlantirish;
v) davlat boshqaruvi sohasida maʼlumotlarni shakllantirish va qayta ishlashga standartlashtirilgan yondashuvni joriy qilish, “maʼlumotlarning yagona manbai” tamoyilini joriy etish kabi muhim jihatlarga eʼtibor qaratilmoqda.
Kambagʻallikni qisqartirish
Dasturning boshqa dasturlarga oʻxshamagan yana bir yangi jihati bor. Kambagʻallikni qisqartirish dasturi loyihasi ishlab chiqiladi. Unda:
kambagʻallik tushunchasini aniqlash metodologiyasi va mezonlarini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratiladi. Aholining eng chekka qatlamlarimga eʼtibor berishning yangi mexanizmi ishlab chiqiladi.
Bunda aholida, ayniqsa yoshlar va ayollarda biznes yuritish
va tadbirkorlikning zamonaviy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, eng avvalo joylardagi ijtimoiy muammolarni hal qilish imkonini beruvchi tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu yilgi Davlat dasturining eng muhim yutugʻi shundan iboratki, unda konkret va real topshiriqlar va ularning bajarilishi shart boʻlgan bandlardan iboratligi bilan ahamiyatlidir.
Xudoyor Meliyev,
Adliya vazirligi masʼul xodimi