Tanzila Norboyeva: ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun keng qulaylik va imkoniyatlar yaratiladi
Senat yalpi majlisida “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur masala bo‘yicha munosabat bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva qonun ijodkorligida ijtimoiy masalalarga alohida e’tibor qaratilib, barcha islohotlar «Inson qadri uchun» tamoyili asosida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Qonun normalari nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan bir qatorda, ijtimoiy himoyaga muhtoj barcha aholi qatlamlarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
– Mazkur toifadagi fuqarolar uchun qator imtiyoz va imkoniyatlar nazarda tutilmoqda, – dedi T.Norboyeva. – Bizning asosiy maqsadimiz – Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar va oilalarni faol hayotga moslashtirish, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun zarur sharoitlarni yaratishdir. Qabul qilinayotgan hujjatlar mamlakatimizda inklyuziv jamiyatni rivojlantirishga xizmat qilishi lozim. Qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun yanada ko‘plab qulaylik va imkoniyatlar yaratadi. Biz, xalq vakillari sifatida, bu jarayondan chetda turmasdan, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga o‘z hissamizni qo‘shishini davom ettiramiz.

– Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarning teng huquqliligini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda, - dedi Oliy Majlis Senati a’zosi Gulnora Marufova. – Odil sudlovdan foydalanish uchun qulay imkoniyatlar yaratilib, ushbu shaxslarning murojaati talab etilmagan holda soliq imtiyozlari berilishi, ularni ishga qabul qilgan yoki ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga soliq imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga nisbatan soliq imtiyozlari va davlat boji bo‘yicha chegirmalar qo‘llanilishi, Ijtimoiy reyestr joriy etilganligi sababli uning nomi o‘zaro muvofiqlashtirilishi, vakolatli davlat organi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga kiritilgan ortiqcha (noqonuniy) to‘langan nafaqalarning summalarini undirish bilan bog‘liq da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini aniq yo‘naltirilgan holda qo‘llab-quvvatlash choralarini takomillashtirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng va qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ularning turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA