Tanlovlar g‘oliblari aniqlandi
Andijon tumanida "Yil ayoli" hamda "Gender tengligi faoli" milliy tanlovining tuman bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, imkoniyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishiga ko‘maklashish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Yil ayoli” va “Gender tengligi faoli” tanlovlari ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
- Yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada, farzand tarbiyasida, jamoat ishlarida namuna bo‘lib kelayotgan, shuningdek, turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan, o‘zi faoliyat olib borayotgan tashkilot nufuzini oshirishda faol qatnashayotgan opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish hamda mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovlarda 10 nafardan ortiq ayollar ishtirok etib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi, - deydi Andijon tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Zamiraxon Abdurahimova. – Ishtirokchilar belgilan shartlar asosida o‘zlarining yetakchilik qobiliyatlarini namoyish etdi.
Qatnashchilarning chiqishlari, ular tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Yil ayoli” tanlovida tumandagi “Sanoat” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Nigoraxon Nurg‘unova, “Gender tengligi faoli” tanlovida esa Xalq banki tuman bo‘limi boshqaruvchisi Ziyodaxon Xalilova g‘olib deb topilib, tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri