Tanlov g‘oliblari taqdirlandi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Vatan uchun yashaylik” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida bir qator ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan. Xususan, hujjatda “Vatan uchun yashaylik!” an’anaviy ko‘rik-tanlovini ko‘tarinki darajada amalga oshirish belgilab berilgan. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan Yozuvchilar uyushmasi ona diyorimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ulkan yangilanishlar, zamondoshlarimizning yorqin siymolari aks ettirilgan she’riy, nasriy, bolalar adabiyoti, badiiy-publitsistik yo‘nalishdagi eng sara asarlar uchun “Vatan uchun yashaylik” tanlovini shu yilning iyun oyida e’lon qilgan edi. Joriy yilning 10 avgust kuni tanlovga hujjatlar qabul qilish yakunlandi.
Hay’at a’zolari tanlovga kelib tushgan jami 59 nafar muallifning 159 ta asarini ko‘rib chiqdi. O‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida nashr etilgan kitoblar, matbuotda e’lon qilingan materillar janr tasnifi bo‘yicha quyidagilarni tashkil etdi: romanlar – 2 ta; hikoyalar to‘plami – 6 ta; she’rlar va she’riy to‘plamlar – 31 ta; qissalar – 8 ta; dostonlar – 3 ta; publitsistik to‘plamlar – 8 ta; adabiy-tanqidiy to‘plamlar – 2 ta; tarjima asarlar – 8 ta; OAV va internetda e’lon qilingan turkumlar – 91 ta.
“Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekiston!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan, zamondoshlarimizning fidokorona mehnatlari, zahmatkash xalqimiz amalga oshirayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy hayot, ma’rifat va ma’naviyat sohalaridagi olamshumul o‘zgarishlar, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyati targ‘iboti, yurtimiz obodligi, milliy qadriyatlarimiz va yosh avlod kamoli, milliy g‘urur va iftixor, Vatan tuyg‘usi, Istiqlol g‘oyalari hayotiy misollar, teran fikr-mulohazalar bilan tarannum etilgan asarlar hay’at a’zolari tomonidan xolisona baholandi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rin Orziqul Ergashevga “Qalb gavhari" hamda “Yulduzsiz osmon” to‘plamlari uchun, 2-o‘rin Xosiyat Bobomurodovaga “Taqiqli kunlar” she’riy kitobi uchun, Sobir O‘narga “Kunsuluvning sirli xatlari” hikoyalar to‘plami uchun, 3-o‘rin Muhammadali Qo‘shmoqovga “Dam bu dam” she’riy kitobi uchun, Alp Sultonga (Alpisbay Sultonov) qoraqalpoq tilidagi “Yo‘qotilmagan uzuk” hikoyalar kitobi uchun, Mehribon Abdurahmonovaga “Mirzacho‘lnoma” publitsistik to‘plami hamda matbuotda e’lon qilingan maqolalari uchun berildi.
[gallery-3852]
– Tanlov hay’ati xayrixohlik bilan asarlarimni yuqori baholabdi. Albatta, bundan xursandman, – deydi 1-o‘rin sohibi Orziqul Ergashev. – So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan adabiyotimizga, ijodkorlarga qaratilayotgan e’tibor, erishilayotgan yutuqlar zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi. O‘lmas asarlar yaratishga undaydi. Tanlov tashkilotchilariga tashakkur, deyman.
Shuningdek, Asadullo Shukurov Erkin Vohidovning “Donishqishloq hangomalari” to‘plamining tojik tiliga tarjimasi uchun, Inobat Ibragimova harbiylar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga bag‘ishlangan “Keling, kitob o‘qiymiz” ruknidagi turkum maqolalari uchun, Turob Niyoz “Orzuli dunyo” she’riy kitobi uchun, Abdulla Ayizov matbuotda e’lon qilingan nasriy va publitsistik asarlari uchun, Obodon Turdimurodova “Muhabbat qirg‘og‘i” she’riy kitobi uchun rag‘batlantiruvchi mukofotlarga sazovor bo‘lishdi.
Shuningdek, tadbirda o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shayotgan hissasi uchun Ikrom Otamurod, Muhammad Shodiy, Ma’murjon Bozoraliyev, Beknazar Yernazarov, Yozuvchilar uyushmasi tizimidagi namunali va fidokorona mehnati uchun Bahodir Qobilov, Dilfuza Qarshiboyeva, Ma’mura Zohidova O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.
Zulayho Ahmadjonova,
jurnalist