Tanklar vaziyatni o‘zgartirmaydi...Asirlar almashildi...
Rossiya-Ukraina
YeIga a’zo davlatlar mojaroda ishtirok etish uchun o‘zlarining harbiylarini Ukrainaga yuborish haqida mutlaqo o‘ylab ham ko‘rmaganlar. Bu haqda YeIning tashqi faoliyat xizmati rahbari Jozep Borrel Ispaniyaning “El País” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Ammo barcha imkoniyatlarni ishga solib, Ukrainaga yordam berishimiz kerak”.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu milliy manfaatlarini hisobga olib, Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berish imkoniyatini o‘rganmoqda, deb bayonot berdi Fransiyaning “LCI” telekanaliga suhbatida.
“Qurol-aslaha masalasi avvalgi Isroil hukumati tomonidan rad etilgan edi. Shu bilan birga, Kiyevga gumanitar yordam ko‘rsatish hech ham uzilmagan”.
Amerikaning “General Dynamics” kompaniyasi Ukrainaga yangi “Abrams” tanklarini ishlab chiqaradi, deb xabar berdi “Financial Times” gazetasi.
Ta’kidlanishicha, Ogayo shtatidagi Lima shahridagi zavodda oyiga 12 atrofida tank ishlab chiqariladi. “Zavod hozircha Ukraina uchun maxsus yangi tanklar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqni kutmoqda”.
Ekspertlarning gazetaga aytishicha, “Abrams” tanklarini moddiy-texnik qo‘llab-quvvatlash ancha qimmatga tushadi, ulardan bittasi – juda katta hajmda yoqilg‘i talab qiladi.
Isroilning sobiq Bosh vaziri Naftali Bennet davlat televideniyesining “12-kanal”iga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan munosabatlari haqida gapirib, “har ikkisining dunyoqarashi bir-biridan ancha farq qiladi”, degan.
Bennet hukumat raisi bo‘lgan davrida Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasida 2022 yilning bahorida o‘tgan muzokaralarda vositachilik qilganini eslatadi.
“Muvaffaqiyatli boshlangan uchrashuv G‘arb mamlakatlarining tashabbusi bilan to‘xtatib qo‘yilgan edi. O‘shanda dunyo yetakchilari Jo Bayden, Olaf Shols, Emmanuel Makron va Boris Jonson bilan ko‘rishganman. Ular ham o‘sha paytdayoq Ukraina atrofidagi ziddiyatga nisbatan turli xil munosabatlar bildirishgan edi”, dedi sobiq Bosh vazir.
Kanadaning Kiyevga va’da bergan to‘rtta “Leopard 2” tankidan bittasi jo‘natildi, deb ma’lum qildi Shimoliy Amerika mamlakati mudofaa vaziri Anita Anand.
“American Greatness” portalining sharhlovchisi Kristofer Rouchning fikricha, “Ukrainaga AQSH tanklarini yetkazib berishi bilan u yerdagi vaziyat o‘zgarmaydi. Rossiyaning bu sohadagi quvvati ancha kuchli”.
“Va’da qilingan zamonaviy tanklardan foydalanish qulay emas, uning ekipajini tayyorlash uchun ancha vaqt talab etiladi”, deb qo‘shimcha qildi u.
Rossiya va Ukraina navbatdagi harbiy asirlarni bir-birlariga topshirdilar. Kiyevning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyadan 116 ukrainalik vataniga qaytarildi. Ular ichida 20 yoshli va 62 yoshli harbiy asirlar bor.
Shuningdek, Rossiyada vafot etgan chet ellik ko‘ngillilarning jasadlarini ham bergan.
Rossiya tomonining aytishicha, Ukrainadagi asirlikdan 63 nafar rossiyalik askar ozod etilgan.
Asirlar almashinuvi tadbiri Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylarining vositachiligida amalga oshirilgan.
Abror XON, O‘zA