Taniqli aktyor Belmondo olamdan o‘tdi
Kecha, 6 sentyabr kuni dunyo kino olamining yorqin vakili bo‘lgan Jan-Pol Belmondo 88 yoshida olamdan o‘tdi. Uning kino olamida yaratgan yorqin qiyofasi o‘zbekistonlik kino ixlosmandlariga begona emas, albatta. “Professional” “So‘nggi nafas”, “O‘g‘irlik” kabi kino asarlar orqali mashhurlik pillapoyasiga ko‘tarilgan Belmondo hali-honuz muxlislar tomonidan eslanadi, xotirlanadi.
Ammo birgina yurtimiz kino shinavandalari emas, balki jahondagi millionlab san’at shaydolari, ashaddiy ishqibozlar ham uning boks bilan shug‘ullanganligini bilmasa kerak. Ha, shunday, u yoshligidan boks bilan shug‘ullangan. “Charm qo‘lqop”ning gangituvchi zarbalari “ta’mi”ni totgan. Bir muddat Parij chempioni bo‘lishga ham ulgurgan.
O‘z xotiralarida boks mashg‘uloti va musobaqalardagi jarayonlarni eslab, “oynaga qarab yuzimdagi o‘zgarishlarni sezib, boksni tark etganman. Ammo sport bilan shug‘ullanish meni kuchli bo‘lishga o‘rgatdi. Hamma narsa boy berilgan taqdirda ham oldinga intilish hissini qalbimga aynan boks jo qildi”, deya o‘zini kino olamiga bag‘ishlaganligini aytadi Bilmando. Shuningdek, sport mashg‘ulotlaridagi tajribasi natijasida ko‘plab filmlardagi murakkab tryuklarni o‘zi bajargan, shu orqali obro‘ topganligini ham yashirmaydi aktyor.
Jahon matbuotida Jan-Pol Belmondo olamdan o‘tganligi haqidagi xabar yashin tezligida tarqaldi. Albatta, hamma ham ketguvchidir. Lekin Belmando bu dunyodan jisman ketib, qalban qolayotganlardandir.
Xorij matbuoti asosida To‘lqin Ro‘ziyev tayyorladi.