Talonchilik qilgan fuqaroning shaxsi ma’lum bo‘ldi
Buxoro shahar Sheyxon mahallasi G‘ijduvon ko‘chasida joylashgan viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi oldida harakatlanib ketayotgan Jondor tumani Romish mahallasi Rabot qishlog‘ida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro A.O. (ayol)ning bo‘ynida bo‘lgan bir dona bahosi 5 million so‘mlik ayollar tilla zanjirini o‘g‘irlagan fuqaro voqea joyidan qochib ketgan.
Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, mazkur talonchilik joriy yilning 9 avgust kuni noma’lum shaxs tomonidan soat 08:30 larda o‘zganing mol-mulkini ochiqdan ochiq talon-toroj qilish maqsadida sodir etilgan.
Mazkur holat yuzasidan shahar IIO FMB tomonidan kechiktirib bo‘lmas tezkor surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha tuzilgan tergov-tezkor guruhi tomonidan olib borilgan surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni G‘ijduvon tumani Zarangari mahallasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro Yo.F. ismli shaxs sodir etganligi aniqlandi.
Hozirda ayblanuvchi fuqaro Yo.F.ga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA