Talon-toroj etilgan minglab gektarlar...
Yerga tashbeh berilganda, unga Ona soʻzi qoʻshib aytiladi. Bu bejiz emas.
Yerga tashbeh berilganda, unga Ona soʻzi qoʻshib aytiladi. Bu bejiz emas. Chunki biz shu yer ustida tugʻilganmiz, yashaymiz, undagi neʼmatlardan bahramand boʻlamiz.
Darhaqiqat, yer – insoniyatning nafaqat yashash makoni, balki tirikligining asosiy manbai hisoblanadi. Lekin, doim ham yer qadriga yetayapmizmi? Uni oʻz kelajagimiz uchun, bizdan keyin kelgusi avlod uchun asrayapmizmi?
Bu savollarga ijobiy javob berish qiyin. Chunki bugungi kunda ayrim fuqarolar tomonidan yerdan noqonuniy foydalanish holatlari uchrab turibdi.
2019-yilning 26-noyabridan 2020-yil 30-martiga qadar qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarida oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish, yerni davlat egaligiga qaytarish haqida sudlar tomonidan jami 8 ming 786 fuqarolik va iqtisodiy ishlar mazmunan koʻrib tamomlangan. Shundan 6 ming 924 daʼvo ariza qanoatlantirilgan. Natijada qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan, sugʻoriladigan jami 1120,5 gektar hosildor yer maydoni ekin ekib foydalanish uchun qaytarilgan.
Tushunarli boʻlishi uchun qayd etish joizki, umum foydalanishi lozim boʻlgan bu ming gektardan ortiq sugʻoriladigan hosildor yer maydoni 6 ming 924 nafar fuqaro tomonidan oʻzboshimchalik bilan, biron-bir hujjatsiz egallab olinib, uy-joy yoki boshqa imoratlar qurib oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanib kelingan.
Endi oʻzingiz bir hisoblab qarang, shuncha yer maydonida xalq dasturxonini obod qilish uchun qancha mahsulot yetishtirilishi mumkin edi?
Vaholanki, Konstitutsiyaning 55-moddasiga koʻra, yer-umummilliy boylik hisoblanib, undan oqilona foydalanish zarur, shuningdek yer davlat muhofazasidadir.
Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini talon-toroj qilish, yer sotish boʻyicha 92 ta holat aniqlanib, 205 ta fuqaroga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan.
Shu oʻrinda qayd etish joiz, fuqarolik va jinoyat ishlarini sudda koʻrishda koʻpchilik pushaymonligini, qonun talablaridan xabardor boʻlmaganligini bildirishsa, ayrimlar oʻzini haq deb bilib, hatto buzilgan qurilishi uchun pul toʻlab berishni talab qilayotganlar ham bor.
Shuning uchun eslatib oʻtish lozim, oʻzboshimchalik bilan yer maydonlarini egallash, undan noqonuniy foydalanganlik uchun, yerni talon-toroj qilganlik uchun javobgarlik mavjud, qonuniy qurilma uchun qilingan xarajatlar esa toʻlab berilmaydi.
Xalqimizda “soʻnggi pushaymon — oʻzingga dushman“, degan maqol bor. Agarda har bir harakatimiz qonuniy boʻlmas ekan, keyingi pushaymonimiz foyda bermaydi.
Xolmoʻmin Yodgorov,
Oliy sud raisining oʻrinbosari