Ta’limdagi yangilanishlar Shirin shahrida o‘z samarasini bermoqda
Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida ta’lim tizimini rivojlantirish, zamonaviy o‘qitish usullarini keng joriy etish va o‘quvchilarning yutuqlarini keng jamoatchilikka tanitish maqsadida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Tadbirda shahar hokimining o‘rinbosari Farrux Alimov ishtirok etdi va jurnalistlarni shahardagi 4 ta umumta’lim maktabi, «Barkamol avlod» bolalar maktabi hamda 13 ta maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi. U ta’lim sifatini oshirish borasida olib borilayotgan islohotlar va yangilanishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

– Bugungi kunda shahardagi ta’lim muassasalarimizda 3 400 dan ortiq bola ta’lim-tarbiya olyapti. Ularga 124 nafardan ziyod pedagog va tarbiyachilar dars beryapti, – dedi u.
2025–2026 o‘quv yiliga tayyorgarlik doirasida barcha maktablar kirish qismlari hamda 124 ta sinfxona ta’mirlandi. Byudjet mablag‘lari va homiylik hisobiga zarur qurilish-ta’mirlash materiallari yetkazib berildi.
Prezidentimizning 2025 yil 6 martdagi “Sirdaryo viloyatida ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi buyrug‘i bilan qiymati 3 milliard 716 million so‘m bo‘lgan 1-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi qayta qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu qarorga muvofiq, “Barkamol avlod” maktabida ham mukammal ta’mirlash ishlari boshlandi va buning uchun 5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Shaharda ta’lim jarayoni tobora zamonaviylashmoqda. Xususan, 25 nafar xorijiy til o‘qituvchisi faoliyat yuritib, ularning aksariyati xalqaro va milliy sertifikatlarga ega. 2023–2025 yillarda bilimni baholashning yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy etildi. Natijada yuqori sinf o‘quvchilari orasida IELTS va CEFR sertifikatlarini qo‘lga kiritayotganlar soni ortib bormoqda. Faqat 2024–2025 o‘quv yilida 60 nafar o‘quvchi turli fanlardan xalqaro yoki milliy sertifikat sohibi bo‘ldi.
Bitiruvchilarning oliy ta’limga qabul ko‘rsatkichi bir yil ichida 46 foizdan 80 foizga ko‘tarildi. Bu natija ortida o‘qituvchilarning mehnati, ta’limga joriy etilgan innovatsiyalar va o‘quvchilarning faol izlanishlari turibdi.

Prezidentimizning 2024 yil 2 fevraldagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida yoshlarning kasbiy qiziqishiga alohida e’tibor qaratildi. Shirinlik o‘quvchilar Farhod GES, “Wangda Metall” quyish zavodi, “Suvta’minot” korxonalari va huquqni muhofaza qilish organlariga tashkil etilgan ekskursiyalarda ishtirok etishdi.
Shahar maktablarining o‘quvchilari fan olimpiadalarida ham faol qatnashib, ona tili va adabiyot, davlat huquqi, geografiya va ingliz tili fanlaridan viloyat va respublika bosqichlarida g‘olib chiqdi. Hozirgi kunda 131 ta fan, 39 ta boshqa to‘garaklar faoliyat yuritmoqda. «Barkamol avlod» maktabida madaniyat va san’atdan tortib, texnika, sport va chet tillarigacha bo‘lgan yo‘nalishlarda 430 nafar bola to‘garaklarga jalb qilingan.

Ta’lim muassasalarini texnik jihatdan ta’minlash ishlari ham izchil davom etmoqda. Hindiston granti, «Ochiq byudjet» loyihasi va mahalliy mablag‘lar hisobiga maktablar 148 ta kompyuter va yuqori tezliklikdagi internet bilan ta’minlandi. EHIM Bank loyihasi doirasida 48 ta kompyuter, respublika byudjeti hisobiga 38 ta monoblok, Hindiston granti doirasida 30 ta monoblok va mahalliy byudjet hisobiga 32 ta kompyuter olib kelindi.
Press-tur doirasida shahardagi 2-umumta’lim maktabiga amalga oshirilgan tashrif OAV vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu maktab jamoasi xorijiy tillarni o‘qitishda ikki yildan beri Shirin shahrida, viloyatda va respublikada yuqori natija qo‘lga kiritib kelmoqda. Prezident sovrini uchun o‘tkazilayotgan «Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab» tanlovining o‘tgan yilgi bosqichida maktab «Faol ishtirokchi» nominatsiyasiga, joriy yilgi bosqichida esa 3-o‘rin va 300 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti hamda Londonga 7 kunlik ta’lim sayohati yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi.
– Hali oldimizda ko‘p maqsadlar bor, – dedi press-tur davomida umumta’lim maktabi direktori Raimjon Igamberdiyev. – O‘qituvchilarimiz izlanishdan, o‘quvchilarimiz bilim olishdan to‘xtamaydi. Kelgusi yil respublikada o‘tkaziladigan tanlovlar, olimpiadalar va turli musobaqalarda faol ishtirok etib, birinchilikka erishish uchun astoydil harakat qilamiz. Shahar hokimligi tomonidan muntazam nazorat olib borilishi va zarur shart-sharoitlar yaratilishi o‘quvchilarimizning yutuqlariga asosiy omil bo‘lmoqda.
Shirin shahrida tashkil etilgan mazkur press-tur davomida OAV vakillari shahardagi ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri