Ta’limda sifat va samaradorlik yanada yuksaladi
Oliy Majlis quyi palatasi deputatligiga nomzod Madina Baratova hamda mahalliy Kengash deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan Farmon Aminovning Buxoro viloyati Kogon shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida saylovchilar bilan o‘tkazgan uchrashuvida O‘zLiDeP saylovoldi dasturidan o‘rin olgan va ta’lim sohasi xodimlariga taalluqli bo‘lgan eng muhim maqsad va vazifalar xususida so‘z bordi.
Uchrashuvda, partiyaning saylovoldi dasturidagi mamlakatimiz miqyosida maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining o‘rtacha ish haqini ikki barobar oshirish, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 153 mingdan ortiq sinf rahbarlari uchun to‘lanadigan mablag‘ miqdorini ko‘paytirish, 2030 yilga qadar qo‘shimcha 2,5 million o‘quvchi o‘rnini yaratish, ta’lim sifatini tubdan yaxshilash kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari sonini ikki barobarga oshirish, davlat tashkilotlaridan mustaqil bo‘lgan va xolisona baholaydigan nodavlat “ta’lim auditi” tizimini joriy qilish, xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarning o‘qituvchilari uchun beriladigan mukofotlar hajmi yanada oshirishga qaratilgan takliflar yosh avlod ta’lim-tarbiyasida sifat va samaradorlikka erishishga da’vat etdi.


Uchrashuvda ta’lim sohasi xodimlari 27 oktyabrda o‘tkaziladigan saylovda faol ishtirok etishga hamda O‘zLiDeP va uning nomzodlari uchun yakdillik bilan ovoz berishga chaqirildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.