“Talimarjon” IESda energo tejamkor loyihalar qo‘llanilmoqda
Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan OAV vakillari viloyatning Nishon tumanida joylashgan “Talimarjon Issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur korxona respublikamizdagi yirik issiqlik elektr stansiyasi hisoblanadi.
Keyingi yillarda korxonada energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bizga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, korxona o‘zining ichki ehtiyojlari uchun soatiga 28 ming kilovat elektr energiyasi sarflaydi. Boisi stansiyada ishlab turgan yirik elektrodvigatellar va boshqa qurilmalar ishchi holatda katta quvvat bilan ishlaydi. Korxona vakillarining endigi maqsadi ichki ehtiyojlarni energo tejamkor texnologiyalardan foydalangan holda keskin qisqartirishga erishish. Bu borada dastlabki qadamlar tashlangan. Jumladan, shu kunga qadar stansiya hududiga 9 dona quyosh fotoelektr stansiyasi montaj qilingan.
Ulardan 8 tasi 2020 yil, 1 tasi joriy yilda o‘rnatilgan bo‘lib, hozirgacha quyosh fotoelektr stansiyasidan jami 70 ming kVt soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilib, atfosferaga qariyb 8,6 tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi. Shuningdek energiya tejovchi qurilmalar ham elektr energiyasi sarfini kamaytirishga munosib xizmat qilmoqda. Jumladan, suv nasoslarining elektr dvigatellariga 2 ta 22 kVt quvvatli, 2 ta 110 kVt quvvatli jami 4 dona chastota o‘zgartiruvchi qurilmalar, ma’muriy bino yoritgichlariga 30 dona harakat datchiklari o‘rnatilishi hisobiga 32 ming kVt soat elektr energiyasini tejab qolishga erishildi hamda atmosferaga 3,8 tonna zararli gazlar chiqishi bartaraf etildi.
[gallery-8542]
Bu boradagi ishlar shu bilangina cheklanib qolmay davlat rahbarining tegishli qaroriga asosan, korxona avtoturargohi va stansiya tasarrufidagi istirohat bog‘iga o‘rnatish uchun 65 dona avtonom quyosh yoritgichlariga buyurtma berilgan hamda stansiya tasarrufidagi hududlarga 2022 yil yakuniga qadar o‘rnatilishi lozim bo‘lgan 1038 kVt quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyalari bilan ta’minlash to‘g‘risida tegishli tashkilotlarga buyurtma berilgan.
Bundan tashqari energiya tejamkorlikni oshirish maqsadida korxonada har birining sig‘imi 200 litrdan bo‘lgan 10 dona quyosh suv isitgichlari o‘rnatildi. Mazkur uskunalar suvni yozda 95 gradus, qishda esa 50 gradus darajagacha isitish imkoniga ega.
Korxona rahbariyatining ma’lum qilishicha, 2026 yilgacha quyosh fotoelektr stansiyalarini ko‘paytirish orqali ichki ehtiyoj uchun soatiga sarflanayotgan 28 ming kilovat elektr energiyasini to‘liq qoplash maqsad qilingan.
Press-tur doirasida korxona rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani ham bo‘lib o‘tdi va unda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA