"Talimarjon IES" AJda bug‘-gaz qurilmalari qurilishiga start berildi
Bugun "Talimarjon IES" AJda 1065 MVt quvvatga ega yangi bug‘-gaz qurilmalari qurilishiga start berildi.
Mazkur loyiha “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Talimarjon IES” AJ, Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial S.A.” va Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari o‘rtasida 1065 MVt quvvatga ega navbatdagi bug‘-gaz qurilmalarini qurish bo‘yicha imzolangan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
Unga ko‘ra, 2025 yil yakuniga qadar stansiyada umumiy quvvati 1065 MVt bo‘lgan navbatdagi ikkita bug‘-gaz qurilmalarini qurish ishlari olib boriladi.

"Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmatiga ko‘ra, loyihaning bosh pudratchilari sifatida Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial S.A.” va Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsorsiumi qatnashmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 771,8 million dollarga teng. Yangi investitsiya loyihasi Samarqand va Buxoro viloyatlari iste’molchilarini, Qarshi magistral kanalidagi yettita nasos stansiyasini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida korxona tomonidan yiliga qo‘shimcha 8,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Yuqori tejamkor texnologiyalar hisobiga 600 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Shuningdek, loyihaning tatbiq etilishi tufayli atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar 1500 tonnaga kamayadi hamda 112 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi. O‘zA