“Ta’lim va kasb – 2021” – abituriyentlarni chorlaydi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va qator tashkilotlar hamkorligida “Ta’lim va kasb – 2021” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Unda “Rossotrudnichestvo”, Rossiya eksport markazi, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonalari mas’ul xodimlari, Ziyoforum, Rossiya eksport markazi guruhiga kiruvchi eksport krediti va investitsiyalarni sug‘urtalash agentligi, Rossiya milliy axborot markazi, xorijiy va mahalliy oliy o‘quv yurtlari vakillari, ekspertlar, abituriyentlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Bo‘lajak talabalarni xorijiy va mahalliy oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkoniyatlari bilan tanishtirish hamda oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan tadbirda ta’lim sohasiga oid turli xil ko‘rgazma, davra suhbati, xorijiy tillar bo‘yicha mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.
[gallery-4635]
–Ma’lumki, pandemiya davrida va undan keyin ham ko‘plab o‘zbekistonlik abituriyentlar mavjud oliy ta’lim muassasalari haqida ma’lumot olish maqsadida an’anaviy ko‘rgazmalar, konferensiyalar va boshqa masofaviy ko‘rgazmalarda qatnashishgan, –dedi Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati rahbari Nodirjon Abduqodirov. – Xususan, www.myfair.events veb-saytida o‘tkazilgan onlayn ko‘rgazmalar ko‘plab abituriyentlarga o‘zlari orzu qilgan ta’lim muassasalarini topish va 2021 yilda ro‘yxatdan o‘tish orqali bir yilni boy bermaslik imkonini berdi.
Abituriyentlar uchun bu yil o‘zlari qiziqqan universitetni tanlash va o‘qishni boshlash imkoniyati yanada kengayadi. Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar dunyoning turli mamlakatlaridagi xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
Ko‘rgazma davomida abituriyentlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy universitetlarning rasmiy vakillari bilan muloqot qilish, o‘zi qiziqqan oliy ta’lim muassasasi va sohasini tanlash, shuningdek, bevosita universitetlar vakillaridan maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Jumladan, ularga ekspertlar tomonidan universitet qabul kunlari, fakultetlar, mutaxassisliklar, hujjatlarni topshirish muddatlari, ta’lim va viza ta’minotining barcha masalalari bo‘yicha, o‘qish uchun ariza topshirish va tanlagan oliy ta’lim muassasalariga kirish jarayonini boshlash hususida maslahatlar berildi.
“Ta’lim va kasb – 2021” xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi xorijiy oliy ta’lim muassasalari dasturlari bilan yaqindan tanishish, qabul komissiyasi vakillari bilan suhbatlashish va ko‘plab foydali tavsiyalar olish uchun ajoyib imkoniyatdir. Nufuzli xalqaro oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabalar tajriba va bilimga ega bo‘lib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish imkoniyatiga erishadilar.
Mazkur ko‘rgazma, respublikamizning Samarqand, Navoiy, Buhoro, Urganch va Farg‘ona viloyatlarida ham joriy yilning 24 noyabrigacha bo‘lib o‘tadi.
Gulnoza Boboyeva, Oqil G‘ulomov (surat, O‘zA