Ta’lim sohasida korrupsiyani oldini olish – eng dolzarb masala
Yurtimizda “9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan Aksilkorrupsiya haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Bunda barcha vazirlik, tashkilot va agentliklar yil davomidagi o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil qilgan holda korrupsiya alomatlarini aniqlash va bu holatlarni bartaraf etish masalalarini muhokama qilmoqda.
Shunday davra suhbatlaridan biri Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida tashkil etildi.
“Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida Ta’lim inspeksiyasi rahbariyati va xodimlari hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida Ta’lim sifatini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladigan jarayonlarda korrupsiyani oldini olish bo‘yicha shu paytga qadar amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Joriy yilning yanvar va fevral oylarida Ta’lim inspeksiyasi ishchi guruhi ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini shaffof va adolatli baholash, korrupsion holatlarning oldini olish va pedagoglarga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida o‘rganishlar olib borgan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Ta’lim inspeksiyasi faoliyatining ilk kunlaridanoq asosiy e’tiborni tizimdagi korrupsiya holatlarini bartaraf etishga qaratganini ta’kidlab o‘tishdi.
Ta’lim inspeksiyasi ko‘rsatayotgan davlat xizmatlari sifatini doimiy ravishda oshirib borish va turli korrupsion omillarni bartaraf etish maqsadida pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida o‘qituvchilar hamda xorijiy davlatlarda olingan diplomlarni tan olish bo‘yicha murojaat qilgan talabgorlar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazib borish doimiy yo‘lga qo‘yilgan. So‘rovnoma natijalari asosida ushbu jarayonlarga tashqaridan aralashish holatlari va fuqarolarni aldab firibgarlik bilan shug‘ullanayotgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilib borilmoqda.

Shu bilan birga Ta’lim inspeksiyasi ta’lim tizimidagi korrupsiyani keltirib chiqarayotgan holatlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, Ta’lim inspeksiyasi takliflari asosida ta’lim tizimida qabul, kirish imtihonlari, talabalar bilimini baholash jarayonlarining adolatli va shaffof tizimi joriy etildi.
Oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlash yoki attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida o‘qituvchilar, ta’lim oluvchilar va ularning ota-onalarining ta’lim sohasidagi mavjud korrupsiya holatlari bo‘yicha fikri so‘rovnomalar o‘tkazish orqali muntazam o‘rganib borilmoqda. Aniqlangan holatlar bo‘yicha ta’lim boshqaruv organlari va ta’lim tashkilotlariga taqdimnomalar kiritilmoqda.
Shuningdek, ta’lim tashkiloti jamoasi bilan birgalikda uchrashuvlar tashkil etilib, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar bartaraf etilmoqda. Ayniqsa, bunda ta’lim oluvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish orqali bu kabi illatlar bilan samarali kurashishga erishilmoqda.
Ta’lim sifatini baholash jarayonlarida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish uchun shaffoflikni oshirishga, zamonaviy AKTdan foydalanib, inson omili ta’sirini kamaytirish va jarayonlarni soddalashtirish choralari ko‘rilgan. Shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida ta’lim muassasalarini litsenziyalash, xorijiy davlatlarda berilgan diplomlarni tan olish, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish, ta’lim muassasalari attestatsiyasi va akkreditatsiya jarayonlari to‘liq elektronlashtirilgan.
Xususan, xorijiy diplomlarni tan olish va pedagoglar attestatsiyasi malaka (test) sinovlari real vaqt rejimida, barcha qulaylik, shart-sharoitlar yaratilgan, shuningdek, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlangan xonalarda onlayn tarzda o‘tkazilmoqda. Jarayonda shaffoflikni ta’minlash uchun jalb etilgan nazoratchilardan tashqari, sinovlar kuzatuv kameralari orqali ham yozib olinmoqda. Sinovlarda ishtirok etayotgan talabgorlar testni yakunlashi bilan o‘zi qayd etgan natijani bilib olishmoqda.