Ta’lim sifatini oshirishdagi asosiy mezon
Umumta’lim maktablarida qulay shart-sharoitlarning yaratilganligi shu bilan birga moddiy-texnik bazasi, infratuzilmaning talab daraja bo‘lishi, ta’lim sifatini oshirishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Shulardan kelib chiqib, Investitsiya dasturi asosida Buxoro viloyatidagi 21 ta umumta’lim maktablari va 7 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Bu jarayonda 1 ta yangi ixtisoslashtirilgan maktab qurilishi, 15 tasida rekonstruksiya, 5 tasida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan. Vobkent tumanida 1 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi, 5 ta MTTda rekonstruksiya, 1 ta MTTda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Buning natijasida maktablarda jami 9 ming 514 nafar o‘quvchi o‘rni, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa 800 nafar tarbiyalanuvchi ish o‘rni yaratiladi.

Shuningdek, “Islom” taraqqiyot banki va “Opek” xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida 33 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida, 40 ta umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi. Bu jarayonda 12 ta yangi ta’lim muassasalari barpo etilib, 43 tasida rekonstruksiya, 18 tasida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish maqsadida 359 milliard 758 million so‘m mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 39 ta umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari quvvatini oshirish, mavjud muassasalarni mukammal ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, buning uchun 82, 14 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.