Ta’lim sifatini oshirish muhim vazifa
Samarqandda “Sifatli ta’lim – kuchli jamiyat” nomli II ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi muassasalar direktorlari, xalq ta’limi a’lochilari, ilg‘or va tajribali pedagoglar qatnashdi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan avgust kengashlari endi Ustozlar milliy forumiga aylangan. Forumning ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov so‘zga chiqib barcha pedagoglarni davlatimiz mustaqilligining 32 yilligi va yangi o‘quv yili bilan tabrikladi.
– Sizlar bilan ikkinchi marta ustozlar milliy forumini o‘tkazyapmiz, – dedi E.Turdimov. – Bundan ko‘zlangan maqsad shuki, har bir rejamiz, harakatimiz pirovardida ta’lim sifatining oshishiga, uning natijadorligini ta’minlashga qaratilgan, – dedi viloyat hokimi. – Forumda bu boradagi vazifalarni belgilash hamda ijrosini ta’minlash chorasini ko‘rish uchun aniqrog‘i, yuzma-yuz, samimiy, xolisona muloqot qilish uchun yig‘ilganmiz. Ochig‘ini aytsam, sizlarning nurli chehralaringizni ko‘rib, ehtiros bilan gapirgim kelyapti. Negaki, ustoz, murabbiy qalbi ohanrabodek, kishi e’tiborini o‘ziga doimo tortib turadi. Ana shu mehrdan o‘z vaqtida bahramand bo‘lganligim uchun ham uning qadriga yetaman. Va sizlardek fidoyi, bilimdon, zukko, mehribon ustozlar oldida doimo ta’zimdaman. Davlat yangi maktablar qurish, eskilarini ta’mirlash, ularni zamonaviy texnologiya bilan jihozlash, o‘qituvchi manfaatdorligini oshirishga alohida e’tibor bermoqda. Buni sizlar ham ko‘rib, bilib turibsizlar. Ayniqsa, iqtidorli, tashabbuskor o‘qituvchini rag‘batlantirish yaxshi samara beryapti. Bugungi kunda viloyat bo‘yicha 162 nafar o‘qituvchi har oyda oylik maoshidan tashqari 5,5 million so‘mdan ustama olyapti. Chunki ular shogirdlarining aksariyati oliy o‘quv yurtlariga talabalikka qabul qilingan, olimpiadalar, hatto, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan. Quvonchimiz shuki, bunday o‘quvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Forumda so‘zga chiqqan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shokir Sultonov o‘tgan o‘quv yilida erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar, ta’lim tizimidagi islohotlar va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik haqida ma’ruza qildi.
Tadbirda sohadagi eng muhim vazifalar muhokama qilindi. O‘tgan o‘quv yilida 9-sinf bitiruvchilarining 3845 nafari a’lo darajali shahodatnomaga ega bo‘ldi. Shuningdek, 11-sinf bitiruvchilarining 1601 nafariga oltin va 172 nafariga kumush medallar topshirildi. 2022-2023 o‘quv yilida maktab bitiruvchilarining 1238 nafari muddatidan oldin talabalar safiga qabul qilindi. Ulardan 472 nafari TOP-1000 talikka kirgan oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi.
[gallery-13186]
Forum doirasida yangi o‘quv yilida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ta’lim-tarbiya sifatini yangi bosqichga olib chiqish, sohada ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish, Prezident maktablarining ilg‘or tajribasini keng joriy etish, xalqaro talablar asosida ishlab chiqilgan o‘quv reja, dastur va o‘quv-metodik majmualarni samarali joriy qilish bo‘yicha yangi rejalar belgilab olindi.
Forum so‘nggida bir guruh ilg‘or pedagoglar viloyat hokimligi tomonidan taqdirlandi.
G‘. Hasanov,
A. Isroilov (surat), O‘zA