Ta’lim sifatini oshirish – farovonlik kafolati
So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan “Uchinchi renessans” poydevorini qo‘yish yo‘lida keng ko‘lamdagi amaliy ishlar olib borilyapti. Ushbu maqsadlarga erishishning samarali yo‘li sifatida esa ta’lim sohasini isloh qilish va uni yangi bosqichga olib chiqish borasida Davlat dasturida ham bir qator vazifalar nazarda tutilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2025 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi amaliy chora-tadbirlar rejasining birinchi yo‘nalishi “Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” deb nomlangan. Unda maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Binobarin, 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrov darajasini oshirish, yangi 337 ta bir yillik majburiy guruhlar tashkil qilish natijasida guruhlar sonini 7 ming 900 taga yetkazish belgilanmoqda. Bunda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 67 ta, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 263 ta, texnikumlarda 2 ta, MFYlarda 3 ta, boshqa binolarda 2 ta guruhlar tashkil etish va ularda 8 ming 816 nafar bolani qamrab olish imkoniyati yaratiladi.
Dasturning ahamiyatli jihati shundaki, unda ta’limning asosiy bosqichi sanalgan umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning bilim sifatini baholashga doir vazifalar ham o‘rin olgan. 2024-2025 o‘quv yili yakunida 1500 ta umumta’lim maktabida joriy etilgan bilimni baholashning yangi tartibi tizimdagi samaradorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tahlillar natijasida mazkur tartib yanada takomillashtirilib, 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab baholash tizimi joriy etiladigan maktablar soni 3 mingtaga yetkaziladi.
Albatta, mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishning birdan-bir yo‘li xorijiy tajribalarga asoslangan holda ta’lim sifatini rivojlantirishdir. Shu boisdan ham dasturda umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga 500 nafar xorijiy mutaxassislarni jalb etish nazarda tutilmoqda. Mutaxassislarni jalb etish maqsadida vazirlikning rasmiy ijtimoiy sahifalari orqali xorijiy mutaxassislar uchun e’lonlar berilib, ular suhbat tashkil etish orqali tanlab olinadi.
Qabul qilinayotgan ushbu Dastur yurtimizda ta’lim sifatini oshirish orqali farovonlikka erishishning kafolati bo‘lib qolishiga ishonamiz.
Ra’no Rizayeva,
Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati.
O‘zA