Ta’lim muassasalarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi talab darajasidami?
Yaqinda Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektorda yuqumli kasalliklarning 35-40 foizi oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelayotgani, har bir ijtimoiy soha muassasasi toza, ozoda bo‘lishi, unda odamlar uchun qulay sanitar-gigiyena sharoiti yaratilishi shartligi qayd etildi. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash va ta’lim tashkilotlarida ichimlik suvi hamda sanitariya-gigiyena infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan «Toza qo‘llar» dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.
Ushbu dastur doirasida sog‘liqni saqlash va ta’lim tashkilotlari sanitariya-gigiyena vositalari bilan yetarli miqdorda ta’minlanadi. Shuningdek, ularda ichimlik suvi ta’minoti va sanitariya-gigiyena ob’ektlari (hojatxona) infratuzilmasi yaxshilanadi, ular binoning ichki qismida joylashtiriladi. Aholi, jumladan, bolalar o‘rtasida shaxsiy gigiyena odatlarini shakllantirish va unga rioya qilish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.

Ta’lim va tibbiyot tashkilotlaridagi qo‘l yuvish joylari sanitar-gigiyena vositalari bilan to‘liq ta’minlanadi. Sharoiti og‘ir bo‘lgan 126 ta maktabda hojatxonalar bino ichida joylashtirilib, yangidan quriladi, 6 mingdan ziyod bog‘chaga geliokollektor olib beriladi, 4 ming 295 ta ijtimoiy muassasaga suv baki va sisterna o‘rnatiladi.
Ushbu maqsadlar uchun shu yilning o‘zida davlat byudjetidan 780 milliard so‘m ajratiladi.
Barcha hududlardagi ta’lim muassasalaridagi sanitariya-gigiyena shoxobchalari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Baholash natijasidan kelib chiqib, qoniqarsiz deb topilgan sanitariya gigiyena shoxobchalarini sanitariya talablariga to‘liq mos holatga keltirish choralari ko‘riladi. Ushbu dasturning o‘z vaqtida to‘laqonli amalga oshirilishi uchun maktabgacha va maktab ta’limi hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari mas’ul etib belgilandi.
Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan maqsad sog‘lom, barkamol va tibbiy madaniyati yuksak bo‘lgan avlodni voyaga yetkazish, aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklar, ichak infeksiyalarining oldini olish, sanitariya madaniyati darajasini oshirish, aholining ovqatlanish, dam olishi, mehnat qilish sharoitlarini yaxshilashdan iborat.
Ta’lim muassasalarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishini uzluksiz o‘rganib borish Sanepidqo‘mitaning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu bois Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan 2025 yilning to‘rt oyi davomida respublikada mavjud jami 3295 ta umumta’lim maktablarida rejali tekshirishlar o‘tkazildi.
Tekshirishlar davomida umumta’lim maktablaridan kimyoviy tahlillar uchun jami 41976 ta namunalar olingan, shulardan 1988 tasi (4,7 foiz) talabga javob bermagan bo‘lsa, bakteriologik tahlillar uchun olingan 7327 ta namunalardan 527 tasi (7,2 foiz) SanQvaN talablariga javob bermagan.
Bu haqda AOKAda o‘tgan birifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova batafsil ma’lumot berdi.
O‘quvchilar ovqatlanishini to‘g‘ri va xavfsiz tashkil etilganligi ustidan nazoratni amalga oshirish chog‘ida mikrobiologik ko‘rsatgichlarga tayyor oziq-ovqat mahsulotlaridan 227 ta namuna olingan, 2 ta talabga javob bermagan, ichimlik suvidan 2862 ta namunadan 126 ta talabga javob bermaganligi aniqlangan. Kimyoviy tahlillar uchun sabzavotlarda nitrat qoldiqlarini tekshirish uchun 62 ta namuna tekshirilgan, namunada nitrat qoldiqlari aniqlanmagan.
Umumta’lim maktablarida sanitariya qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan 2157 ta holatda ma’muriy choralar (jarimalar) qo‘llanilgan, 186 ta muassasaning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, 973 nafar ishchi-xodim tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tmaganligi sababli ishdan vaqtincha chetlashtirilgan. 18468 kg.dan ortiq miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj qilingan.
Mohigul Qosimova, O‘zA