Ta’lim istiqboliga ishonch ortdi
MUNOSABAT
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasini ko‘pchilik intiqlik bilan kutdi. Chunki unda yangraydigan gaplar nafaqat deputat va senatorlar, balki butun xalqimizga taalluqli bo‘lishini barcha birdek his etib turgandi.
Murojaatnoma bilan bevosita tanishgan har bir inson undan o‘ziga xos taassurotga ega bo‘ldi, o‘rinli xulosalar chiqara oldi. Murojaatnomada ta’lim va tarbiya mavzusi eng ustuvor vazifalardan biri sifatida tilga olingani quvonarli bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan 2023 yil yurtimizda «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili», deb nomlanishi qalbimizni junbishga keltirdi. Binobarin, inson qadriga e’tiborsiz va ilm-ma’rifat rivojisiz yurt taraqqiyotiga erishib bo‘lmasligi ayni haqiqatdir. Axir ilm saodatga eltuvchi yo‘ldir. Ayni paytda ta’limga kiritilgan investitsiya kelajakka sarmoyadir. Bu esa xalq farovonligi, davlatning raqobatdoshligini ta’minlovchi omildir. Murojaatnomada ta’lim tizimini muntazam takomillashtirish, sifatli ta’lim berish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash masalalari ko‘rsatib o‘tildi.
Birinchi navbatda, Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilishi ta’kidlandi. O‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etildi.
Kelasi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Prezident ta’kidlaganidek, bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishi zarur. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, san’at va madaniyatga qiziqtirishimiz, o‘quvchilarda erkin, tanqidiy va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash, muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish zarur. Shu bois, 2023 yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanadi.
Kelasi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 tasi kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelasi besh yilda ularning soni 1000 taga yetkaziladi.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda yo‘lga qo‘yilgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyoti kelasi o‘quv yilidan qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etilishi xalqimiz kayfiyatini ko‘targani aniq.
700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarurligi tilga olindi. Bu maqsadda 2023 yildan boshlab yangi dastur amalga oshiriladi. Har bir viloyatda bittadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etiladi. Maktabgacha ta’limda bog‘chalar sonini ko‘paytirish, ulardagi ta’lim va tarbiya sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi. Bog‘cha qamrovini kengaytirish bo‘yicha xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi. Bu bilan farzandlarimiz bolalikdan bilim olishi, jamoatchilikka moslashish ko‘nikmalari asta-sekin shakllanishiga erishamiz. Zero, yoshlikda olgan bilim toshga o‘yilgan naqshdir.
Murojaatnomada o‘qituvchilar, pedagoglar mehnati, zahmati alohida tilga olindi. Ularning tajribasini oshirish, el-yurt orasida obro‘sini yuksaltirish, daromadlarini ko‘paytirish lozimligi uqtirildi. Haq gap! Davlat ravnaqi, xalq barkamolligini kafolatlash uchun sohani isloh etish, kasb vakillari maqomini ko‘tarish muhim masala.
Xullas, Prezidentimiz Murojaatida dolzarb vazifalar, yangi g‘oyalar ilgari surildi. Yangicha qarash, yangi g‘oya va yangi rejalargina davlatning istiqboliga, vatan ravnaqi va xalqimizning farovonligiga daxldor harakatlarni, amaliy natijalarni belgilab berishi aniq.
Demak, aniq rejalar, shunga yarasha harakat va faoliyat bo‘lishi, istiqbolli rejalarni amalga oshirish borasida biz deputatlar ham mas’uliyatni oshirishimiz, dadil va xalqchil takliflarimiz bilan jamiyat rivojiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak.
Toshpo‘lat MATIBAEV,
xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi
raisi o‘rinbosari