Talabalarning tashabbus va takliflari qo‘llab-quvvatlanmoqda
Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev “Rektor va yoshlar uchrashuvi” doirasida bitiruvchi talabalar bilan uchrashib, ochiq muloqot o‘tkazdi.
Talabalarning shaxsiy va kasbiy salohiyatini rivojlantirish, ularning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan muloqotda bitiruvchi talabalar o‘zlarining taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etdi.

Dastlab, rektor talabalarning nafaqat bilim olishi, balki ijtimoiy, madaniy va sport sohalaridagi faoliyatini rag‘batlantirish, o‘qish jarayonida yuzaga keladigan muammolarni aniqlash va ularga samarali yechimlar topish, shuningdek, talabalar o‘rtasida hamkorlik muhitini shakllantirish, shu orqali ularning shaxsiy hamda kasbiy salohiyatini yanada yuqori darajaga ko‘tarish muhimligini alohida ta’kidladi.

Muloqot davomida talabalar o‘qish jarayonlari, mavjud muammolar, umuman, qator masalalar yuzasidan o‘zlarining takliflarini bildirdi. Jumladan, Filologiya fakulteti 3-bosqich talabasi Nozimaxon Vohidova xorijiy tillarni o‘rganishga qiziquvchi yoshlar uchun universitetda o‘quv kurslari tashkil etish taklifini bildirdi. Ushbu tashabbus rektor tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha kurs tashkil etishda mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

– Amaliyotni sohamizga yaqin ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish korxona va tashkilotlarida o‘tash yo‘lga qo‘yilsa, nazariy bilimlarimizni mustahkamlash, qolaversa, keyinchalik ishga joylashish imkoniyatlarimiz yanada ortar edi, – deydi Tabiiy fanlar fakulteti 3-bosqich talabasi Mahmudaxon Begijonova. – Shuning uchun universitetimiz hamda ana shunday korxonalar o‘rtasida talabalarning amaliyot o‘tashi bo‘yicha shartnomalar tuzilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Rektor ushbu taklif bo‘yicha ham kelgusida zarur ishlar olib borilishini aytib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida rektor tomonidan talabalarning muammolarini hal qilish, ularga qulay o‘quv muhitini yaratish, taklif va tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.