Talabalarni qiynab kelayotgan muammo bartaraf etiladi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining X s’ezdida partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodi qo‘llab-quvvatlangan Shavkat Mirziyoyevning ma’ruzasini katta qiziqish bilan tingladim.
Ma’ruzada mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, talabalarning puxta bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi, ayniqsa, yashash sharoitlarini yaxshilash xususidagi fikrlar meni juda quvontirdi. Chunki oliy ta’lim tizimidagi faoliyatim davomida men eng ko‘p duch kelgan, ham oliy o‘quv yurti rahbariyatini, ham talabalarni qiynaab kelayotgan muammo talabalar turarjoy masalasini bartaraf etish haqidagi gaplar juda ko‘pchilik dilidagi gaplar edi.
Shavkat Mirziyoyev ana shu masalani ko‘tarib, muammoni ijobiy hal etish yuzasidan juda o‘rinli fikrlarni ilgari surdi.
Nomzodning: “Har qanday islohot quruq raqamlarda emas, balki, eng avvalo, aholining kundalik hayotida, uning dasturxoni va ro‘zg‘orida o‘z aksini topishi zarur”, degan fikri negizidagi xalqqa yondoshlik, inson tamoyilini birinchi o‘ringa chiqishi, aholi turmush darajasini yuksaltirish, muammolari yechimiga kamarbasta bo‘lish kabi ezgu maqsadlar yaqqol namoyon bo‘ldi.
... Oliy ta’lim muassasalari moliyaviy barqarorligini oshirish maqsadida ijtimoiy soliq stavkasi amaldagi 25 foizdan 12 foizga tushiriladi.
... Talabalarning yashash sharoitini yaxshilash uchun kelgusi besh yilda qariyb 100 ming o‘rinli talabalar yotoqxonalari barpo etiladi”. degan so‘zlari, taklif va fikrlarini juda o‘rinli, deb bilaman va to‘la qo‘llab-quvvatlayman.
Keyingi yillarda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida, oliy o‘quv yurtlarida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni Andijon mashinasozlik instituti misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Ayni kunda Andijon mashinasozlik institutidagi 28 ta ta’lim yo‘nalishida 6 ming 224 nafar talaba tahsil oladi. Institutimizning moddiy-texnika bazasi, imkoniyatlari yildan yilga kengayib bormoqda. O‘qitish ishlari ilg‘or va innovatsion usullar keng joriy etilgan holda olib bormoqda. Bundan tashqari, mavjud 20 ta ixtisoslik bo‘yicha tayanch doktoranturalar tashkil etildi. Ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun zarur barcha imkoniyatlar yaratildi.
Talabalar turar joylarini ko‘paytirish, yashash sharoitlarini yaxshilash borasida ham e’tiborga molik ishlar bajarildi. O‘tgan yili 448 o‘rinli talabalar turrar-joyi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilda turar-joylar 648 taga yetkazildi. Joriy va kelgusi yillarda talabalar uchun bir nechta yotoqxona qurilishi rejalashtirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yaqin yillar ichida talabalarni qiynab kelayotgan turarjoy muammosi to‘la bartaraf etiladi.
Akmaljon ERMATOV,
Andijon mashinasozlik instituti prorektori
O‘zA