Talabalarga viloyat hokimi stipendiyasi topshirildi
Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Yoshlar kuni munosabati bilan Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ining yozgi amfiteatrida o‘tkazilgan bayram tadbiri doirasida 22 nafar talabaga viloyat hokimi sipendiyasini olish uchun maxsus sertifikatlar topshirildi.
Ayni kunda viloyatdagi 5 ta oliy ta’lim muassasasida 40 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ularning 1 ming nafarga yaqinini magistratura yo‘nalishi talabalari tashkil etadi.
Kundan kunga rivojlanib borayotgan mamlakatimiz kelajagi ko‘p jihatdan iqtidorli, yuksak salohiyatli yoshlarga, bo‘lajak malakali mutaxassislarga bog‘liq. Ana shundan kelib chiqib viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan yoshlar orasidan o‘zining yuksak iqtidor va qobiliyatini namoyon eta oladigan, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan fidoyi yoshlarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ilm-fan, san’at, sport va boshqa yo‘nalishlarda respublika va xalqaro darajadagi yutuqlar ko‘lamini kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida viloyat hokimi o‘tgan yili o‘z stipendiyasini ta’sis etgan edi.
Joriy o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlari talabalari tomonidan “Viloyat hokimi stipendiyasi”ga taqdim etilgan hujjatlar Nizom talablari asosida ko‘rib chiqilib eng yuqori natijalarga erishgan 22 nafar talaba viloyat hokimining bir martalik stipendiyasiga sazovor bo‘ldi.
Tadbirda viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov stipendiya sohiblariga bir martalik stipendiya olish huquqini beruvchi maxsus sertifikat hamda o‘zining esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdi.
– Mamlakatimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, xususan, viloyatimiz hokimining rag‘bati biz yoshlarni yanada faol, fidoyi bo‘lishga undaydi, – deydi Andijon davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti talabasi, hokim stipendiyasi sohibasi Zarinabonu Madrahimova. – Bundan buyon ham faqat a’lo baholarga o‘qib, kelajakda malakali mutaxassis bo‘lishga, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida astoydil mehnat qilishga harakat qilaman.
Stipendiya sohiblari viloyat hokimining eng kam ish haqining 20 barobari miqdoridagi bir martalik stipendiyasini olish bilan birga, viloyat hokimligining zaxira kadrlar ro‘yxatiga ham kiritiladi. Ular oliy o‘quv yurtini tamomlaganlaridan so‘ng o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashtiriladi.
[gallery-2966]
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA